15 Noyabr 2023 450

13-14-noyabr kunlari IIV Akademiyasida “Terrorizmni moliyalashtirishda kriptovalyutalardan foydalanishga qarshi kurashish” boʻyicha mintaqaviy maslahatlashuv boʻlib oʻtdi

Tadbir BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevrosiyo guruhi, Rossiya Federatsiyasining Moliyaviy monitoring boʻyicha federal xizmati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida tashkil etildi. 

Tadbir ochilishida Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov, IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi departament boshligʻi Ulrik Axnfeldt-Mollerup, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevroosiyo guruhi Kotibiyati maslahatchisi Darya Kudryashova soʻz olib, mavzuning xalqaro miqyosdagi dolzarb ahamiyatiga toʻxtalib oʻtishdi.

Taʼkidlanganidek, terrorizm va u bilan bogʻliq tahdidlar global muammo sifatida jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda. Terrorizmning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashish va uni moliyalashtirishga toʻsqinlik qilishdan birgina mamlakat yoki mintaqa emas, balki butun dunyo ogoh boʻlmogʻi lozim. Chunki axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan hozirgi tahlikali sharoitda terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish imkoniyatlari ham kengayib bormoqda. Mintaqaviy maslahatlashuv ana shu muammoga birgalikda yechim topish va hamkor davlatlar ishtirokida preventiv choralarni ishlab chiqishga qaratilgani bilan dolzarb ahamiyatga ega.

Tadbirda Markaziy Osiyo hamda Rossiya, Belarus, Hindiston davlatlari ekspertlari, YXHT, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, MDH Aksilterror markazi, Interpol hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq muammolar atroflicha muhokama qilindi. Bu borada davlatlarning milliy tizimlarini rivojlantirish, moliyaviy oqimlar monitoringini yaxshilash, terrorchilar aktivlarini muzlatish va kriptovalyutalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish, moliyaviy razvedka xizmatlarining faol hamkorligini kuchaytirish zarurligi  taʼkidlandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага