25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonovning soha xodimlari hamda faxriylariga bayram tabrigi
Qadrli ichki ishlar organlari xodimlari!
Hurmatli faxriylar!
Ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan oʻz hayotini fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga bagʻishlab kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tinglovchi-kursantlari, muhtaram faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan kasbdoshlarimizning oila aʼzolarini samimiy tabriklab, barchangizga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigida tizim faoliyatiga yuksak baho berib, “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat boʻladi”,– deya alohida taʼkidlaganlar.
Soʻnggi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlariga juda katta eʼtibor qaratilib, sohani chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda, hatto eng chekka joylarda ham xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xodimlarning kundalik xizmat faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish, fuqarolarning hayoti, qadr-qimmati va mol-mulkini kibermakonda ishonchli himoya qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar yoʻlga qoʻyilmoqda.
Tizimdagi islohotlarning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, bizga katta ishonch bildirgan xalqimiz oʻzining kundalik hayotida his qilayotgani barchamizga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi.
Bu jarayonda oʻz xizmat burchiga, Vatanimizga sadoqatli, xalq manfaatlari yoʻlida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan ming-minglab fidoyi va jonkuyar hamkasblarimizning munosib oʻrni bor.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklab, xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, uzoq umr, sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka tilayman.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonov