Aeroportlarda xavfsizlikni ta'minlash qo'shinlari tashkil etilganligiga 27 yil to'ldi
1994 yil 20 iyul` kuni O'zbekiston Respublikasining Xalqaro aeroportlarida xavfsizlikni ta'minlash qo'shinlari tashkil etilgan kun. Joriy yil mazkur qo'shinlar tashkil etilganligining 27 yilligi munosabati bilan joylarda turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar bo'lib o'tmoqda.
Urganch Xalqaro aeroportida xavfsizlikni ta'minlashga mas'ul bo'lgan harbiy qismda ham ushbu sana o'zgacha ko'tarinki ruhda nishonlandi.
Jumladan IIV, Xorazm viloyati Hokimligi va harbiy qism komandirining buyruqlariga asosan taqdirlangan bir guruh fidoyi harbiy xizmatchi va xodimlar qimmatbaho sovg'alarni qism saf maydonida tantanali ravishda qabul qildilar.
Kasbiy sanaga bag'ishlangan tadbirlarni faqatgina harbiy qism doirasida o'tkazish bilan cheklanilmadi, xususan harbiy qismda xizmat vazifasini bajarish paytida vafot etgan xodimlarning oilasidan xabar olinib, bayram sovg'alari topshirildi.
Shuningdek harbiy qism joylashgan mahallada yashovchi “Temir daftar”ga kiritilgan 4 ta oilaga ham bayram munosabati bilan moddiy yordam ko'rsatildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda harbiy tuzilmalarda sportni ommalashtirish va qo'llab-quvvatlash borasida jonbozlik ko'rsatib kelayotgan “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan mazkur sana munosabati bilan harbiy qism xizmatchilari o'rtasida sport musobaqasi tashkil etildi. Musobaqa g'oliblari jamiyatning qimmatbaho sovg'asi, diplom va medallari bilan taqdirlandi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati