19 Yanvar 2022 519

Aholi murojaatlari tinglandi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Doʻstlik tumani aholisi, xususan yoshlar bilan uchrashdi. Tumandagi “Saritepa” mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabul avvalida 3- sektor rahbari tuman hokimi bilan birgalikda hududda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, sektordagi mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishdi. 

Xususan, avtomashinalarga texnik xizmat koʻrsatish, baliqchilik va parrandachilik, fitnes klub faoliyati koʻzdan kechirilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, tumandagi 3- sonli oʻrta umumtaʼlim maktabida oʻquvchilarning ilm olishlari uchun yaratilgan sharoitlar ham koʻzdan kechirildi. Zarur jihozlar bilan taʼminlanishi, oʻquvchilarning erishayotgan yutuqlari oʻrganildi. Oʻquvchilarning qoʻl mehnati bilan yaratilgan hunarmandchilik namunalari qatnashchilarda qiziqish uygʻotdi.

Tuman hokimi oʻrinbosarlari va tegishli viloyat va tuman tashkilotlari hamda sektor rahbarlari ishtirok etgan sayyor qabul avvalida “Yoshlar daftari” da roʻyxatda turgan fuqarolarning 4 nafariga oliy taʼlim muassasasiga toʻlov-shartnoma pullarining maʼlum foizi oʻtkazilganligi hamda 2 nafariga imtiyozli kredit ajratilganligi haqidagi sertifikatlar, moddiy koʻmakka muhtoj 6 nafar xotin-qizlarga maishiy texnika va oziq-ovqat mahsulotlari, 16 yoshga toʻlgan 2 nafar va fuqaroligi boʻlmagan 2 nafar shaxslarga ID kartalar topshirildi. 5 nafar tashabbuskor yoshlar “Faxriy yorliq”lar bilan taqdirlandi.

Sektor rahbarining fuqarolar bilan muloqotida aholi oʻzlarini qiynayotgan qator masalalarni hal etishda amaliy yordam soʻrashdi. Chunonchi, vasiylikka olish, ish bilan taʼminlash, koʻchalarni taʼmirlash, sizot suvlari uchun ariq olish, piyodalar yoʻlakchasi barpo etish, elektr simlari tortish, moddiy yordam, salomatligini tiklash, sport toʻgaragi uchun zarur inventarlar olish, bogʻdorchilik uchun yer ajratish, baliqchilik uchun kredit, uy-joyining kadastr hujjati bilan bogʻliq kabi qator muammolar boʻyicha qilingan murojaatlarning har biri masʼul idora va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida koʻrib chiqildi. 

Qisqasi koʻtarilgan masalalarni shu yerning oʻzida hal etishga alohida eʼtibor qaratilib, ijrosi vaqt talab etadigan ayrim masalalar boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi va nazoratga olindi.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага