Aholini ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etish, ularga qulaylik yaratish maqsadida Namangan viloyati IIB JXX YHXB Roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlimlari soni yana ikkitaga koʻpaytirildi
Avvallari viloyat aholisi haydovchilik guvohnomasini yoki avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni olish uchun Namangan shahar, Uychi va Pop tumanlarida joylashgan ROʻ va IO boʻlimlariga murojaat qilishar edi. Bu albatta uzoq masofada yashovchi fuqarolarga birmuncha qiyinchilik tugʻdirgan. Bugun Yangiqoʻrgʻon hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida tashkil etilgan boʻlimlar nafaqat ushbu hududlar aholisi balki, qoʻshni tumanlarda yashovchi aholi uchun ham qulay imkoniyatlar yaratdi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari hamda YHXB boshligʻi tomonidan ushbu boʻlimlarning faoliyati oʻrganilib, bu yerda xizmat olib boruvchi xodimlarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Taʼkidlash joizki, yangi qad rostlagan binolarda fuqarolarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoitlar mavjud. Kutish zallarida yoʻl harakati qoidalari va ushbu yoʻnalishdagi soʻnggi voqealardan xabardor qilib boruvchi media burchagi ham tashkil etilgan boʻlib, bu yerda fuqarolar gazeta va jurnal oʻqishlari yoki sohaga doir yangiliklarni tomosha qilishlari mumkin.
Qisqa qilib aytganda, ushbu harakatlarning barchasi tizimda inson qadri tamoyili asosida ish tashkil etilayotganidan dalolatdir.
Namangan viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati