1 Iyun 2022 1247

Amaliy ishlar va galdagi vazifalar ko‘rib chiqildi

1-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida sog‘liqni saqlash sohasidagi vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi. 

Ma’lumki, shu yil 18 mart kuni davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Unda aytilgan muammo va takliflar asosida, zamonaviy davolash amaliyotlarini tatbiq qilish, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, soha xodimlarining oylik maoshlarini oshirish kabi ko‘plab vazifalar belgilangan edi. 

Yil boshidan buyon joylarda 85 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar ochilishi natijasida 700 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmatlar yaqinlashdi. Hududlarda xirurgiya yo‘nalishida qo‘shimcha 27 turdagi, endokrinologiyada 7, kardiologiyada 14 turdagi yuqori texnologik amaliyotlar joriy qilindi.

O‘tgan oylarda Davlat sug‘urta jamg‘armasidan 25 ming nafardan ziyod ehtiyojmand aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Farg‘onada 87 ming aholi manzilli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bugundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 30 foizgacha oshirildi.

Yig‘ilishda shu kabi amaliy ishlar bilan birga galdagi vazifalar ham muhokama qilindi. 

– Inson qadri tamoyilini inobatga olib, oxirgi yillarda tibbiyot sohasida ham ko‘p farmon va qarorlar qabul qildik, – dedi davlatimiz rahbari. – Global sinovlarga qaramasdan, tibbiyot xodimlarining oyliklarini ko‘tarish choralarini ko‘rdik. Hamma joyda, eng chekka qishloqda ham tizim namoyon bo‘lishi kerak. Har bir fuqaroning sog‘ligi nazoratda bo‘lishi kerak. 

Yig‘ilishda mutasaddilar sohada boshqaruv va moddiy sharoitlarni yaxshilash, davolash protokollarini o‘zgartirish, tibbiy sug‘urta tizimini kengaytirish, tibbiy ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berdi.

Avvalo, birlamchi bo‘g‘inga e’tibor qaratilib, joriy yil yakunigacha yana 51 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarni ishga tushirish, mingta mahallada tibbiy punktlar tashkil qilish, aholini manzilli skriningdan o‘tkazish vazifalari belgilandi. Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.   

Hududiy shifoxonalarda yuqori texnologik amaliyotlar turini 250 taga yetkazish, buning uchun ulardagi tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, yangi imtiyozli davolash tizimini to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz sohani raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Avval berilgan topshiriqqa ko‘ra, tibbiyot muassasalarining bu boradagi infratuzilmasi yangilanmoqda. Hududlardagi shifoxonalar kompyuterlar bilan ta’minlanib, lokal tarmoqqa ulanmoqda. Xalqaro standartlar asosida yagona klassifikator, reyestr va ma’lumot almashinuvi dasturi ishlab chiqilmoqda. 

Yig‘ilishda sog‘liqni saqlashning barcha bo‘g‘inlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirib, o‘zaro bog‘lash, muassasalarni zamonaviy jihozlash, pullik xizmatlar hajmi va turlarini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu yil 25-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, 191 ta tuman va shahar markaziy shifoxonalarida bolalar reanimatsiya bo‘limlari, 208 ta ko‘p tarmoqli poliklinika hamda Toshkent shahridagi 71 ta oilaviy poliklinikada bolalar bo‘limlari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari bunday bo‘limlarni qolgan tumanlarda ham ochish, shu bilan birga, Akusherlik va ginekologiya, Aholi reproduktiv salomatligi hamda Skrining markazlari faoliyatini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. 

Sanitariya-epidemiologiya tizimini transformatsiya qilish, sanitariya qoidalari va standartlarini yangilash, yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirining har bir o‘rinbosariga o‘zlari mas’ul bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага