26 Avgust 2022 2149

Asosiy maqsad – yaxlit tizimni yaratish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish

Bugun yurtimizda xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda, avvalo, bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga eng muhim vazifa sifatida ustuvor ahamiyat qaratilayotir.

Shu bilan birga, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bilan adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash hamda mamlakat xavfsizligini kuchaytirish borasida ichki ishlar organlari oldiga ham bir qator dolzarb vazifalar qoʻyildi.

Shuningdek, joriy yilning 17-19-avgust kunlari Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida, tashkilotga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi Kengashi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant
Poʻlat BOBOJONOV bilan suhbatimiz ham ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi hamda SHHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar vazirlarining kengashi ishiga oid masalalar yuzasidan boʻldi.

– Yaqinda poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida, tashkilotiga aʼzo davlatlar Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining Kengashi boʻlib oʻtdi.

Ushbu nufuzli tadbirning maqsadi va vazifalari, shuningdek erishilgan natijalar boʻyicha maʼlumot bersangiz?

— Darhaqiqat, joriy yilning 17-19-avgust kunlari Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) raisligi doirasida SHHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi Kengashi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston tomoni raisligida oʻtgan kengashda SHHTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari rahbariyati va vakillari, shuningdek, SHHTning doimiy organlari ishtirok etdi. Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi-davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, INTERPOL, MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi, MDH aʼzo davlatlarning terrorizmga qarshi kurashish markazi vakillari yurtimiz mehmoni sifatida tashrif buyurishdi.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan kengash davomida delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalari borasida oʻzaro fikr almashdilar. Shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligi toʻgʻrisida yuqori darajadagi kelishuvlarga erishildi.

Xalqaro maydonda yuzaga kelayotgan bugungi vaziyatni hisobga olgan holda, ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari yoʻnalishi boʻyicha SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish masalasi ham kengashning kun tartibidan oʻrin oldi.

Terrorizm, ekstremizm va separatizm, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni rivojlantirish dolzarb hisoblanishi qayd etildi. Vazirlar bir ovozdan “Shanxay ruhi” tamoyillariga muvofiq transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ochiq muloqot va amaliy hamkorlik muhimligini taʼkidlab oʻtdilar.

Tomonlar SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik toʻgʻrisidagi 2010-yilning 11-iyun kuni Toshkentda imzolangan Bitimni amalga oshirish doirasi, ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklarining oʻzaro hamkorligi orqali SHHTning kelishuv-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratdilar.

Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston tomoni SHHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi Kengashiga puxta tayyorgarlik koʻrganini va tadbirlar yuqori tashkilotchilik darajasida oʻtganligini eʼtirof etishdi. Tadbir soʻngida Kengash bayonnomasi imzolandi.

Shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tadbir doirasida SHHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari rahbarlari oʻrtasida alohida ikki tomonlama uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Xususan, Hindiston ichki ishlar davlat vaziri janob Nityanand Ray, Qozogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri politsiya general-leytenanti Marat Axmetjanov, Tojikiston Respublikasi ichki ishlar vaziri militsiya general-polkovnigi Rahimzoda Ramazon Hamro, Eron Islom Respublikasi ichki ishlar vaziri janob Axmad Vaxidi va Qirgʻiziston Respublikasi ichki ishlar vaziri militsiya general-leytenanti Ulan Niyazbekov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.

Muzokaralar chogʻida jinoyatchilikka qarshi kurashish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida ikki tomonlama idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Jinoyatga qarshi kurashish sohasida, xususan, transchegaraviy xarakterdagi jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvlarda hozirgi zamondagi jinoyatchilik turlari, xususan, axborot sohasidagi jvinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotik va qurol-yarogʻ savdosi, odam savdosi kabi jinoyatlarni hisobga olgan holda hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi hamda Qirgʻiziston Respublikasi ichki ishlar vazirliklari oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlik chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi idoralararo aloqalar borasidagi Bitim imzolandi.

Umuman olganda, Toshkentda tashkil etilgan barcha tadbirlar ishchanlik va konstruktiv ruhda, doʻstlik, oʻzaro ishonch muhitida oʻtgani, davlatlar oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

– Albatta, ichki ishlar organlarida qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarni, avvalo, tizimda kechayotgan islohotlar samarasi sifatida baholash lozim. Yurtimizda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

– Joriy yilning birinchi yarmida ham ichki ishlar organlaridagi tub islohotlar Prezidentimizning farmon va qarorlari hamda sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlari asosida izchil davom ettirildi. Bunda mamlakatimiz hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit, mutlaqo yangi tizimini shakllantirish va zamonaviy ish uslublarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Avvalambor, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash, bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga doir muammolarni bevosita joylarning oʻzida hal etish choralari koʻrildi.

Misol uchun, turli nizo va kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan ijtimoiy-maishiy muammolarni bevosita mahallaning oʻzida manzilli hal etish ishlariga profilaktika inspektori, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli jalb etilishi boshlandi.

Natijada, 8 348 ta oilalarning notinchligiga barham berildi, 3 182 ta oilalar ajralib ketishdan saqlab qolindi, 1 938 nafar ichkilikka ruju qoʻygan, 218 nafar giyohvand va 1 828 nafar ruhiy kasallar majburiy davolatildi, uyma-uy yurib, 8 503 nafar ayollarning muammolari hal etildi.

Hududlardagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, har bir mahalla “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratildi. Kriminogen vaziyat ogʻir hududlarga hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda “jinoyat oʻchoqlari”ni bartaraf etish uchun qoʻshimcha kuch va vositalar jalb qilindi.

Shuningdek, sektor rahbarlari tomonidan jinoyatlar sabablarini «mahallabay» va «sohabay» hamda jinoyat sodir etgan shaxslarning qilmishlarini sud hukmlari asosida muhokama qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Natijada, mamlakatimizdagi har ikkinchi yoki 4 951 ta mahallada bironta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Oʻtgan davr ichida mamlakatimiz hududida jinoyatchilikni jilovlash, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida bir qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, sodir etilgan jinoyatlarning 94 foizi fosh etildi, tergov organlaridan yashiringan 2 841 nafar shaxs qoʻlga olindi, 252 nafar bedarak yoʻqolganlar topildi.

Xodimlarning tashabbusi bilan birgina korrupsiya sohasidagi 817 ta jinoyat aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 116,5 milliard soʻm miqdoridagi zarar undirildi.

Shuningdek, bir tonnadan ziyod, yoki oʻtgan yilga nisbatan toʻrt baravar koʻp giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi hamda
220 ming donaga yaqin kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop tabletkalar olindi.

Bu boradagi ishlar bundan buyon ham kuchaytirilgan tarzda olib boriladi.

– Maʼlumki, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishda profilaktika ishlari muhim ahamiyatga ega. Bu borada qilinayotgan ishlar xususida ham toʻxtalsangiz.

– Juda toʻgʻri taʼkidladingiz. Tizimda bu yoʻnalish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, oʻtgan davr mobaynida profilaktika inspektorlari tomonidan 887 mingdan ziyod maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlandi.

Bundan tashqari, respublika miqyosida “Xavfsiz hudud”, “Turmush” va “Nazorat” tezkor-profilaktika tadbirlari oʻtkazildi. Mazkur tadbirlar davomida 11 mingdan ortiq oilaning muammolari, turmush tarzi oʻrganilib, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.

Yoshlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish choralari koʻrilyapti. Jumladan, koʻchalarda nazoratsiz yurgan voyaga yetmaganlar aniqlanib, oilalarga qaytarildi hamda ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun sport seksiyalariga, fakultativ toʻgaraklarga jalb etildi.

“Xavfsiz taʼlim muassasasi” tamoyili asosida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlar faoliyat olib bormoqda. Ular oʻquvchilar bilan muntazam maxsus profilaktik tadbirlar oʻtkazib kelmoqda.

Birgina joriy yilning birinchi yarimida 80 ming 274 nafar oʻquvchining yashash sharoiti oʻrganildi. Farzandlarini tarbiyalash, ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatini bajarmagan ota-onalar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Joriy yilda respublikaning 3-sektorlarida yoshlar oʻrtasida voleybol boʻyicha Ichki ishlar vazirining kubogi uchun musobaqalar oʻtkazildi. Mazkur musobaqa bilan har bir mahalladan faol, voleybol oʻyiniga qiziqqan yoshlar tanlab olinib, ular tuman, soʻngra viloyat bosqichida oʻtkazilgan qizgʻin oʻyinlardan oʻtib, “JAR” sport majmuasida respublika bosqichida bellashdi.
Bu ham minglagan yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi, albatta.

Shu bilan birga, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda oilalarda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, oilaviy zoʻravonlik va tazyiqqa uchragan ayollarning oilalarida olib borilgan profilaktik ishlar va koʻrsatilgan psixologik yordam orqali 12 ming 843 ta oila yarashtirildi,
11 ming 640 ta oilada nizolar bartaraf etildi.

Shu oʻrinda yana bir yangilikni alohida qayd etib oʻtishni istardim. Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tarkibida 2022-yil 10-yanvardan qisqa “1259” va “1286” raqamli “Ishonch markazi” tashkil etilib, unga qoʻngʻiroq qilgan 5 ming 976 nafar ayolga psixologik va huquqiy yordam koʻrsatildi.

– Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi boʻyicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan boʻlib, unda ichki ishlar organlari muhim oʻrin egallaydi.

Shunday ekan jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qanday yangi uslub va mintaqaviy amaliyotlar qilinmoqda?

– Respublikaning har bir hududida Jamoat xavfsizligi konsepsiyasining ijrosini taʼminlash maqsadida «sohabay» chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, har kuni toʻrt ming nafarga yaqin patrul-post xizmati xodimi piyoda va avtopatrul yoʻnalishlariga xizmatga jalb etiladi. Ular yarim yil ichida jamoat joyida sodir etilgan 651 mingdan ortiq huquqbuzarlikni aniqladi. Aynan ushbu soha vakillarining kasb mahorati tufayli respublika miqyosida oʻtkazilgan yuz mingdan ortiq ommaviy-madaniy tadbir davomida jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi toʻliq taʼminlandi.

Joriy yil 11-fevralda Davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar asosida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida islohotlarning yangi bosqichi boshlandi.

Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida barcha svetoforlar va yoʻl belgilarini oʻrnatish hamda yoʻl chiziqlari chizish vazifasi vazirlikning Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati zimmasiga bevosita yuklatilib, uning huzurida “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi tashkil etildi. “Yoʻl harakati qoidalari” yangi tahrirda qabul qilindi.

Barcha hududlarda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash va xavfsiz harakatlanish uchun sharoitlarni yaratish maqsadida “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturi tasdiqlanib, 2022-2026-yillar mobaynida har bir hududda avtomobil yoʻllarida harakatni boshqarish tizimini hamda jamoat transportini raqamlashtirish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Ushbu sohada ham profilaktik choralarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining hududiy boshqarmalarida umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda xizmat olib boradigan katta inspektor lavozimi joriy etildi. Shuningdek, taʼlim muassasalarida “Yoʻl harakati qoidalari yosh targʻibotchisi” klubi tashkil etildi.

Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bundan buyon mazkur taʼlim tashkilotlari faoliyatini reyting baholash yil yakunlari boʻyicha Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan inson omilisiz taʼlim tashkilotlariga doir maʼlumotlar asosida ularning reytingini hisoblashning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va uning natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinadi.

– Ichki ishlar organlarining faoliyatiga raqamli va axborot texnologiyalarini faol joriy etish, aholiga elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini oshirish, byurokratik toʻsiq va gʻovlarga yoʻl qoʻymaslik hamda idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Maʼlumki, Prezidentimiz joriy yil 3-may kuni Ichki ishlar vazirligida boʻlib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyatda barqarorlikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olishga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qilinishi, kuch va vositalarni markazlashgan boshqaruv tizimlari bilan tanishgan edi.

Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq ichki ishlar organlarining kunlik faoliyatiga inovatsion yoshndashuvlar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda yangi ish uslublarini tatbiq etish, “inson omilini” kamaytirish hamda faoliyatni raqamlashtirish choralari koʻrilmoqda.

Jumladan, 4 ming 670 ta tayanch punkti optik tolali aloqa tizimiga ulandi. Buning natijasida “onlayn sud” oʻtkazish uchun 3 ming 805 ta joylar tashkil etilib, 40 mingdan ortiq maʼmuriy ishlar sud binosiga bormasdan turib, “onlayn” tarzda koʻrib chiqildi. Shu tariqa olis hududlarda yashovchilarning ham vaqti, ham mablagʻi tejaldi.

Ayni vaqtda xodimlar bodikamera, planshet va zamonaviy radiostansiya vositalari yordamida kunlik xizmat vazifalarni bajarib kelmoqdalar.

Shuningdek, “102” tizimi toʻliq ishga tushirilib, unga kelgan har bir xabarni tizimiga kiritish va uni ijrosini elektron tarzda nazorat qilish imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda, respublikaning deyarli har uchinchi tuman va shahar markazlaridagi aholi gavjum joylarga oʻrnatilgan videokameralar ichki ishlar organlarining “Situatsion markazlari”ga integratsiya qilinib, vaziyatni uzluksiz kuzatish imkoni mavjud.

Mazkur tizimlar bosqichma-bosqich oʻzaro integratsiya qilinmoqda va jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish jarayoniga “sunʼiy intellekt” imkoniyatlari joriy etilmoqda.

Bundan tashqari “E-voyaga yetmaganlar» yagona axborot tizimi yaratilib, sinov tariqasida Toshkent viloyatidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida joriy etildi. “E-inspektor», “E-hisobot», “Profilaktika inspektori faoliyatini baholash tizimi” va «Ye-huquq-tartibot» kabi jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda foydalanish uchun bir qator axborot tizimlarini yaratish yuzasidan texnik topshiriq loyihalari ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Probatsiya xizmatining real vaqt rejimida ozodlikni cheklash jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarni “masofadan turgan holda nazorat qilish” tizimi texnik topshirigʻi loyihasi tasdiqlandi va hozirda ishlab chiqilgan axborot tizimi vazirlik tomonidan yaratilgan Yagona boshqaruv platformasiga integratsiya qilindi.

“Oilaviy zoʻravonliklar toʻgʻrisidagi xabarlar” yuzasidan telegramm-bot orqali arizalar qabul qilinishi yoʻlga qoʻyildi. “Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar” axborot tizimi yaratilib, himoya orderini berish mexanizmlari raqamlashtirildi. Xotin-qizlarga himoya orderi berilishini elektron nazorat qilish amaliyoti joriy etildi. “Maishiy zoʻravonlik” va “Profilaktika inspektori murojaati”ni qabul qilish boʻyicha aloqa markazi tashkil etilib, roʻyxatga olish va nazorat qilish boʻyicha veb-platformalar joriy qilindi.

– Kelgusida vazirlik oldida turgan muhim vazifalar xususida ham maʼlumot bersangiz.

– Eng asosiysi jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz. Xususan, jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash borasida ilmiy nuqtayi nazardan asoslantirilgan yangi uslub va usullarni amaliyotga joriy etgan holda har bir hududda kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarni «xonadonbay» va «fuqarobay» usulida amalga oshiramiz.

Bu borada “qizil” toifadagi mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan manzilli profilaktik tadbirlar kuchaytiriladi. Kelgusida doimiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan shaxslarning roʻyxati shakllantiriladi va “Huquqiy eʼtibordagi shaxslar reyestri”ga kiritiladi. Shu tariqa huquqbuzarliklarning psixologik va ijtimoiy profilaktikasi tashkil etiladi.

Probatsiya hisobidagi mahkumlar, aliment toʻlovchi va ishsiz fuqarolarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali ular doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi. Narkologiya sohasini rivojlantirish borasida belgilab olingan kompleks chora-tadbirlar ijrosini toʻliq taʼminlash orqali ichkilikka ruju qoʻygan, giyohvandlikka chalingan shaxslarni majburiy davolatish ishlari kuchaytiriladi. Jamoat joylarida oʻtkir mast holatida boʻlib, atrofidagilarga xavf tugʻdiruvchi shaxslarga tumanlararo tibbiy yordam koʻrsatilishi taʼminlanadi.

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishda profilaktika inspektorlariga koʻmaklashuvchi “Faol nuroniylar” jamoatchilik guruhlari faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchimiz. Profilaktika inspektori lavozimidan pensiyaga chiqqan tajribali mutaxassislarni yosh profilaktika inspektorlariga jamoatchilik asosida maslahatchi sifatida biriktirishni ham moʻljallangan.

Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini taʼminlash borasida har bir hudud kesimida yoʻllar infratuzilmasini yaxshilash, harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish, haydovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha “Xavfsiz va ravon yoʻl” konsepsiyasida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi toʻliq taʼminlanadi.

IIVning Situatsion-tahliliy markazi platformasiga davlat organlarining axborot bazalarini integratsiya qilish, axborot texnologiyalarini ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga keng tatbiq etish va raqamlashtirish darajasini oshirish choralari koʻriladi. Xususan, jinoyatchilikni jilovlash, jamoat tartibini saqlash va turistlar xavfsizligini taʼminlash sohasiga raqamli tahlil va situatsion boshqaruv tizimlari respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi. Natijada sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, jinoyatlar hamda kriminogen vaziyatni sunʼiy intellekt yordamida «mahallabay» situatsion tahlil qilish va prognozlash tizimi yaratiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, kelgusida ham jinoyatchilikni jilovlash orqali xalqimizni rozi qilish borasida masʼuliyat va shaxsiy javobgarlikni his qilgan holda, faoliyatimizni takomillashtirib borib, xodimlarning ishga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirishga va oʻz kasbiga vijdonan yondashib, sadoqat bilan xizmat qilishlariga alohida eʼtibor qaratamiz.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Lutfulla SUVONOV suhbatlashdi.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага