12 Mart 2021 7247

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar va ulardan himoyalanish usullari

Global taraqqiyot sharoitida axborot texnologiyalari mohiyatini oshirishning yanada zamonaviy, innovatsion usullarini izlab topish, axborotlashtirish jarayoniga har tomonlama ko'maklashish, ularni hayotga keng joriy etish davlat faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biriga aylanmoqda. Zero, axborotlashtirish tizimida davlat siyosatini olib borish masalasi strategik ahamiyatga ega vazifadir.

Hozirgi kunda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi va kishilik jamiyatining barcha sohalarida Internetdan keng foydalanish kundalik faoliyatning bir qismini tashkil etib, xizmat ko'rsatish, ilm-fan, ta'lim, elektron tijorat, shuningdek zamonaviy insonning fikrlash tarziga o'zining ijobiy ta'siri bilan kirib keldi. Hayot sifatini yaxshilash bilan bog'liq bo'lgan ushbu o'zgarishlar bilan bir qatorda, jinoyatchilikning yangi shakllarini rivojlantirishga qulay sharoitlar paydo bo'lganligini ta'kidlash lozim. Mazkur jinoyatlar o'z navbatida "Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar" (elektron jinoyatlar) deb nomlanadi.

Axborot texnologiyalarining keng miqyosda rivojlanishi bir vaqtning o'zida ko'p turdagi jinoyatlarning sodir etilishiga imkon yaratdi, o'z navbatida ushbu turdagi jinoyatlarni aniqlash va ularni oldini olishda yuqori bilim va kasbiy tayyorgarlikni talab qilmoqda. Shunday qilib, "axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyat" komp`yuterlar va ma'lumotlarni qayta ishlash tizimlaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoiy qilmish bo'lib, buning uchun qonunchilikda jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Shu bois, fuqarolar o'rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar to'g'risida ma'lumotlarni tarqatish va targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borish zarur.

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar to'g'risida tushuncha

Axborot texnologiyalarining doimiy rivojlanishi va Internetning paydo bo'lishi bilan "Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar" tushunchasi shakllandi. elektron jinoyatlarning asosiy farqi shundaki, ularning ba'zilari komp`yuter yordamida (komp`yuter jinoyatlari), boshqalari Internet (kiberjinoyatlar) orqali sodir etiladi.

elektron jinoyat shakllari ko'p qirrali bo'lib, texnologiyalar va Internetning doimiy rivojlanishi bilan tobora ortib bormoqda. Shuningdek, ushbu jinoyatlarni aniqlash va fosh etishda bir qator qiyinchiliklar mavjud bo'lib, ulardan biri fuqarolarning o'ziga nisbatan sodir etilgan komp`yuter huquqbuzarligi to'g'risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni istamasliklari va  komp`yuter jinoyatlariga duch kelganda huquqiy bilimlari etarli emasligi bilan bog'liqligini taqozo etmoqda.

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning ayrim turlarini quyidagilarda ko'rish mumkin:

  • virusli dasturiy ta'minotni tarqatish;
  • foydalanuvchining maxfiy ma'lumotlarini o'g'irlash;
  • boshqa odamlarning intellektual faoliyat mahsulotlarini o'g'irlash;
  • ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarning akkauntlarini buzish;
  • yolg'on ma'lumot tarqatish, tuhmat qilish;
  • millatlararo nizo yoki dinlararo adovatni qo'zg'atish.
  • bank plastik kartalari (karta rekvizitlari) bilan noqonuniy operatsiyalar;
  • qimmatli qog'ozlar bozoridagi Internet-firibgarlik;
  • Internetdagi moliyaviy piramidalar;
  • mobil` aloqa bilan bog'liq jinoyatlar;
  • elektron tijorat sohasidagi boshqa jinoyatlar.

Yuqoridagi misollarni inobatga olgan holda, Internet foydalanuvchilari uchun ularga nisbatan sodir etilishi mumkin bo'lgan noqonuniy huquqbuzarliklarni oldini-olish bo'yicha ba'zi tavsiyalarni berish mumkin:

  • - Internetga kirish, zararli faoliyatga qarshi kurashish uchun mo'ljallangan maxsus dasturiy ta'minotga ega qurilmalardan foydalaning, ularni o'z vaqtida yangilab turing;
  • - xavfsizlikka javob beradigan yangilanishlar o'rnatilgan, boshqa dasturiy ta'minotning joriy versiyalariga ega bo'lgan operatsion tizimdan foydalaning;
  • - saytlardan foydalanganda ularning tashqi ko'rinishiga, veb-manziliga e'tibor bering: ehtimol Siz uning soxta nusxasiga kirgandirsiz;
  • - shaxsiy ma'lumotlarni faqat xavfsiz protokollardan foydalanadigan
    veb-saytlarga kiriting (odatda brauzerda bunday sayt manzili yonida yashil fonda blokirovka belgisi ko'rsatiladi);
  • - turli xil saytlarda bir xil login va parollardan foydalanmang;
  • - juda engil yoki osongina taxmin qilinadigan parollardan foydalanmang (tug'ilgan sana, telefon raqamlari va hokazo);
  • - imkon qadar, foydalanuvchi nomi va parolni kiritishdan tashqari, vaqtinchalik kodni kiritishni talab etuvchi, ikki martalik autentifikatsiyadan foydalaning, odatda SMS-xabar yoki “PUSH” xabarnomasi shaklida mobil` telefoningizga yuboriladi;
  • - kutilmagan yoki g'ayrioddiy tasodifiy kelgan elektron pochta xabarlaridan ehtiyot bo'ling, hatto jo'natuvchini bilsangiz ham, hech qachon ichidagi qo'shimchalarni ochmang yoki bunday elektron pochta manzilidagi havolalardan foydalanmang;
  • - hisob ma'lumotlarini talab qiladigan elektron pochta xabarlaridan ehtiyot bo'ling (moliya muassasalari deyarli hech qachon elektron pochta orqali moliyaviy ma'lumotni so'ramaydilar), hech qachon himoyalanmagan Internet kanallari orqali moliyaviy ma'lumotlarni yubormang;
  • - do'stlaringizdan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish yoki moliyaviy ma'lumotlarni uzatishni rag'batlantiruvchi xabarlarni olganingizda, ushbu ma'lumotni boshqa aloqa kanallari (shaxsiy uchrashuv, telefon qo'ng'irog'i, ovozli xabar yo'llash imkoniga ega messenjer) yordamida tekshiring yoki o'ta og'ir holatlarda javoblarini uchinchi shaxslar bilishi mumkin bo'lmagan nazorat savollarini berish orqali suhbatdoshingizning shaxsiga aniqlik kiriting;
  • - Internet orqali to'lovlarni amalga oshirishda, iloji bo'lsa, “Visa” va “MasterCard” xalqaro to'lov tizimlari uchun “3D Secure” kabi to'lovlarning qo'shimcha xavfsizligini ta'minlash texnologiyalaridan foydalaning;
  • - o'zlarini bank xodimi deb tanishtirgan va bank kartangiz ma'lumotlarini berishingizni so'ragan notanish odamlar bilan hech qachon telefonda gaplashmang;
  • - bank kartangiz ma'lumotlarini xavfsiz joyda saqlang, ularni hech kimga aytmang, xabar bermang yoki SMS orqali yubormang va hokazo;
  • - qayd etish yozuvlaringizning saqlanib qolishi uchun do'stlaringiz va yaqinlaringiz doirasini cheklang. Shaxsiy ma'lumotlaringizni hech qachon yangi onlayn do'stlar bilan baham ko'rmang. Tug'ilgan sana, elektron pochta manzillari yoki parol` sifatida ishlatilishi mumkin bo'lgan uy hayvonlari ismlari haqidagi ma'lumotlarni ommalashtirishdan saqlaning. Ushbu ma'lumotlarning barchasi professional xaker uchun juda foydali bo'lishi mumkin;
  • - “Diqqat! Sizning akkauntingiz buzib tashlandi. Akkauntingizni tasdiqlash uchun qo'ng'iroq qilishingiz kerak. Bizga xabar yuboring, biz sizni qayta chaqiramiz” kabi xabarlardan ehtiyot bo'ling;
  • - “Click jacking” qurboniga aylanmang. Bu shunday turdagi kiberhujumki, birinchi qarashda ular zararsiz kontentga o'xshab ko'rinadigan giperhavolalarni o'zida saqlaydi. Biroq giperhavolani bosish zararli dastur uchun yo'l ochadi, bu sizning komp`yuteringizga tajovuz qilishi yoki sizning shaxsiy ma'lumotlaringizni chetga uzatishi mumkin;
  • - elektron pochta manzillarida va veb-saytda, agar siz ular bilan ish olib boradigan obro'li moliyaviy muassasalarning nomlarini o'z ichiga olgan bo'lsa ham URL manzillarini diqqat bilan ko'rib chiqing. eng keng tarqalgan hiyla - bu qonuniy veb-sayt nomi va soxta narsalarning kombinatsiyasi. Ushbu manzillar ko'pincha qonuniy ko'rinishda xakerlik faoliyati bilan bog'liqligini yashiradigan nusxa ko'chiradigan saytlarga olib keladi. Ba'zida URL qonuniy bo'lishi mumkin, ammo havolani bosganingizda, u Sizni boshqa saytga olib boradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlardan himoyalanishning eng yaxshi usuli-zamonaviy tahdidlardan xabardor bo'lishdir. Xavfsizligingiz o'z qo'lingizda! Biz axborot maydonidan foydalanishda xavfsiz bo'lishingiz tarafdorimiz.

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага