30 May 2022 350

Ayol baxt uchun yaralgan

Dilnoza Kamolova 1999-yilda tugʻilgan. U 2021-yili IIV Akademiyasini tamomlab, hozirda Uchquduq tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori lavozimida samarali faoliyat olib bormoqda. Sportning dzyudo, sambo, milliy kurash turlari bilan shugʻullanadi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi.

Uchquduq tumani “Doʻstlik” MFYda istiqomat qiluvchi bu kelinchak 24 yoshda. Oliy oʻquv yurtining 4-kursida oʻqiyotgan paytda, ota-onasi Odinani turmushga uzatdi. Boʻlajak eri bilan sevishib ahd-paymon qilgan boʻlsada, turmush qurgach munosabatlari ancha chigallashib ketdi. Oʻqishini tugatib, tuman markazidagi korxonaga ishga kirdi. Ammo qaynonasi ishlashiga mutlaqo qarshi edi. Shundan uyda har kun koʻngilxiralik, janjal. Kuyov boʻlsa ikki oʻt orasida qolgan.

Axiyri Odinaning shartakiligi sabab qaynona jahl otiga minib, uni uydan haydadi. Bundan xabar topgan tuman IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Dilnoza Kamolova mahalladagi xotin-qizlar faoli bilan birga shu xonadonga yetib keldi. Ular qaynona va kelinni oʻrtaga olib suhbatlashdilar.

Hozirgi zamonda ayol kishining uyda oʻtirib qolishi, ishlamasligi yaxshi emas, deya gap boshladi mahalla xotin-qizlar faoli. Keliningiz oliy maʼlumotli, bundan faxrlanishingiz kerak. Kelajakda farzandlar tarbiyasi, qolaversa oila byudjetiga ham uning katta hissasi qoʻshiladi.

Shundan soʻng leytenant Dilnoza Kamolova kelin bilan alohida profilaktik suhbat oʻtkazdi. Odina kelinlik vazifalarini astoydil ado etishga vaʼda berib, qaynonasidan uzr soʻradi. “Egilgan boshni qilich kesmas” deganlaridek, qaynona ham bagʻrikenglik qildi. Hozirda ular bir-birini tushunib olishdi, oilada ahillik hukmron.

Tumanda jami 20404 nafar xotin-qiz boʻlib, ularning muammolari bilan jamoatchilikni jalb etgan holda lavhamiz qahramoni shugʻullanadi. 37 yoshli Komila afv etilib, jazosi yengiliga almashtirilgani uchun yaqinda jazoni ijro etish koloniyasidan keldi. Qamalganidan keyin turmush oʻrtogʻi tashlab ketgan, 3 nafar farzandi esa yaqin qarindoshlarnikida edi. Dilnoza Kamolova Probatsiya guruhi xodimlari bilan birga uni tuman Tibbiyot boʻlimiga sanitar-farrosh qilib ishga joylashtirishda amaliy koʻmak berdi. Bolalari maktabgacha taʼlim va umumtaʼlim maktablariga joylashtirildi. Turarjoy bilan taʼminlash, moddiy yordam berish chora-tadbirlari koʻrildi.

Dilnozaxondan minnatdorman, barcha muammolarimni hal etishda yordam koʻrsatyapti. Eng muhimi, hayotimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishimga sababchi boʻldi. Bundan keyin halol mehnat qilib, farzandlarimni oʻqimishli qilib tarbiyalamoqchiman, deydi Komila.

Dilnoza Kamolova tumandagi ayollar bilan muntazam profilaktik tadbirlar tashkil etadi, ajrim yoqasidagi yosh oilalar, notinch xonadonlarda k yashovchilar bilan alohida suhbatlar oʻtkazadi. Joriy yilda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr chekayotgan 50 nafar ayolga shunday order berildi.

Viloyat markazidan ancha olisdagi, tabiati injiq boʻlgan, ovullar bir-biridan uzoqda joylashgan ushbu tumanda xizmat qilishning oʻzi boʻlmaydi. Dilnozaxon har kuni necha kilometrlab yoʻl bosib, xotin-qizlar muammolarini oʻrganadi.

Har bir ayol baxtli yashashga, oʻqishga, ishlashga haqli. Shuning uchun ayollarimizni tadbirkorlikka jalb etib, jamiyatning faol aʼzosiga aylantirishga harakat qilyapmiz, deydi leytenant Dilnoza Kamolova.

Mahliyo XOLOVA, “Postda” muxbiri. Navoiy viloyati.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага