Ayolning dardini ayol tushunadi
Katta leytenant Nazira Bekimbetova Qoraqalpogʻistonning eng chekka hududlaridan biri – Qora-oʻzak tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori lavozimida xizmat qiladi. Ayol dardini ayol tushunadi, deganlaridek, u tumanda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida koʻplab samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
Qahramonimiz tomonidan tumandagi “Atameken” makon fuqarolar yigʻini hududida olib borilgan oʻrganishlar davomida fuqaro Marjangul Rametova ilgari tikuvchilik bilan shugʻullanganini, agar yordam berilsa, yana shu kasb bilan shugʻullanishga xohishi borligini bildirdi. Uning xohishi inobatga olinib, bankdan tikuv mashinalari xaridi uchun imtiyozli kredit olishga amaliy yordam berildi. Natijada kichik tikuv sexi ochilib, 6 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlandi.
– Toʻgʻrisi, ayrim oʻrganishlarimiz davomida “ayolning 40 ta joni boʻladi” degan gap bejiz aytilmaganiga ham guvoh boʻlamiz. Chunki ayrim xotin-qizlarimizni qiynayotgan muammolar, tashvishlar koʻpchilik erkaklarning qaddini bukishi mumkinligini barcha ham anglab yetavermaydi. Bunday holat kuni kelganida, noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois asosiy eʼtiborni oiladagi muammolarga qaratib, ularni imkon doirasida hal etishga harakat qilyapmiz, – deydi katta leytenant N.Bekimbetova.
Joriy yilda tuman miqyosida 73 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan boʻlsa, 7 nafar ayol reabilitatsiya markaziga joylashtirildi, 3 nafariga psixologik maslahat berildi. Shuningdek, 3 ta holat boʻyicha himoya orderi talablari buzilgani aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qoʻllanildi. Bulardan tashqari, tuman IIB profilaktik hisobida turgan xotin-qizlardan 7 nafari ishga joylashtirilib, 27 nafariga moddiy koʻmak koʻrsatildi. Bu kabi saʼy-harakatlarda, shubhasiz, katta leytenant Nazira Bekimbetovaning munosib hissasi bor.
Nazira Bekimbetova Qoʻngʻirot tumanida tugʻilib, voyaga yetgan. Oʻrta maktabni tamomlaganidan soʻng Qoraqalpoq davlat universitetida tahsil oldi. Oʻqishni bitirganidan keyin maʼlum vaqt davlat idoralaridan birida faoliyat koʻrsatdi. Ammo keyinchalik uzoq yillar Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIVda xizmat qilgan otasi Yedilxan Bekimbetovning izidan borishga ahd qildi. Ilk faoliyatini 2013-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV 2-sonli Tergov hibsxonasida boshlagan Nazira 2019-yilgacha shu yerda xizmat qildi.
U turmush oʻrtogʻi – Taxtakoʻpir tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari, mayor J.Xojanov bilan ikki nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda.
Azamat Pirniyazov, “Postda” muxbiri. Qoraqalpogʻiston Respublikasi.