5 May 2023 1071

BAA delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv

Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi vakillari yurtimizga tashrifi doirasida IIV Akademiyasida boʻldi.

Uchrashuv tomonlarning samimiy va doʻstona ruhdagi muloqoti bilan boshlandi. Akademiya rahbari Rustam Xatamov martabali mehmonlarni qutlar ekan, Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni alohida eʼtirof etdi.

Unda qayd qilinganidek, ikki tomonlama aloqalar tarixiy anʼanalarga tayangan oʻzaro ishonch, tenglik va manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida jadal rivojlanib bormoqda. Bundan bir yil muqaddam davlatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining oʻttiz yilligi nishonlandi. Muntazamlik kasb etayotgan yuqori darajadagi siyosiy muloqotlar global soha va tarmoqlarda yuqori oʻsish surʼatlariga erishish imkonini bermoqda.

– Xalqlarimizni umumiy tarix, madaniy va maʼrifiy qadriyatlar bogʻlab turadi. Hamkorlik aloqalarining bugungi bosqichida har ikki mamlakat taraqqiyotning ilgʻor yoʻlini tanlagan. Yana bir muhim jihati, Birlashgan Arab Amirliklari ham Oʻzbekiston singari inson taraqqiyoti va taʼlimga katta investitsiyalar kiritmoqda. Mamlakatning yetakchi oʻquv dargohlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taʼlim sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, – dedi Rustam Xatamov.

Oʻz navbatida, delegatsiyasi rahbari, Birlashgan Arab Amirliklari IIV Xalqaro masalalar byurosi bosh direktori Dana Humaid al-Marzuqiy yuksak eʼtirof uchun minnatdorlik bildirgan holda quyidagilarni eʼtirof etdi:

– Oʻzbekiston mintaqada muhim geosiyosiy mavqega ega davlat hisoblanadi. Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning pragmatik ichki va tashqi siyosati tufayli rivojlanishning tarixiy bosqichini bosib oʻtdingiz. Oʻzbekistonning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqaro ziddiyatlarni tinch yoʻl bilan hal etish, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashishga qaratilgan faol tashabbuslari jahon hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Yurtingizga tashrif asnosida manfaatli yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz. Oʻylaymanki, bu boradagi saʼy-harakatlarimiz ijobiy natijasini beradi.

Ochiq va konstruktiv muloqot davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik bir qator masalalar, jumladan, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda oʻzaro tajriba almashish, xavfsiz turizmni rivojlantirish, sohaga IT texnologiyalarni keng joriy etish, innovatsion taʼlim imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kadrlar tayyorlash yoʻnalishida Birlashgan Arab Amirliklari politsiya akademiyalari va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, istiqbolli dasturlar asosida kadrlar va taʼlim oluvchilarni oʻqitish, dolzarb mavzularda xalqaro anjuman va mashgʻulotlar oʻtkazish yuzasidan fikr almashildi. BAA delegatsiyasi vakillari muloqot chogʻida bildirilgan taklif va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shundan soʻng mehmonlar Akademiya faoliyatiga joriy qilingan yangilanishlarni koʻzdan kechirishdi. Innovatsion taʼlim jarayonlari, zamonaviy oʻquv xonalari, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa dunyoda oʻchmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimiz timsolida yoshlarning vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirishga qaratilgan milliy yondashuvlar mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага