17 Yanvar 2022 164

Bayram munosabati bilan munosiblar taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining oʻttiz yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirda boshqarma sohaviy xizmatlari rahbarlari, shaxsiy tarkib va shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlari xodimlari ishtirok etishdi.

Ushbu tadbirni viloyat IIB boshligʻi polkovnik Abduvohid Ismoilov kirish soʻzi bilan ochib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining soha vakillariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Shundan soʻng, ichki ishlar organlari tizimlarida samarali xizmat qilib, hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yuksak mukofotlari topshirildi. Jumladan, Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga binoan bir guruh xodimlar “Aʼlo xizmatlari uchun”, I- II- III -darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari hamda “Faxriy yorliq”, qoʻl soati, pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farmoni asosida taʼsis etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” bayrami munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni bilan bir qator ichki ishlar organlari rahbar va xodimlari mukofotlangan boʻlsa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvar kunidagi FARMONI bilan Mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini yuksaltirish, Vatanimiz mustaqilligi, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini koʻz qorachigʻidek asrash, professional milliy armiyani shakllantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirishdagi katta xizmatlari, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ibratli faoliyati, sharafli va muqaddas burchini bajarishda mardlik va jasorat koʻrsatgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yuqori mahoratga ega kadrlarni tayyorlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun “Jasorat medali” bilan Surxondaryo viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi uchinchi ishgʻol qilish guruhi komandirining oʻrinbosari katta serjant Loyloqov Ixtiyor Boymurodovich hamda Surxondaryo viloyati Termiz shahar IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimi bank muassasalarini qoʻriqlash boʻyicha militsiya rotasining vzvod komandiri marhum kichik serjant Esanov Akbar Jabborovichlar mukofotlandi.

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston yoshlari forumi-2021” haftaligi doirasida, harbiy qism muassasalaridagi boshlangʻich tashkilot yetakchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovi gʻoliblari aniqlandi.

Koʻrik-tanlovning viloyat bosqichida bilim va koʻnikmalari, liderlik qobiliyati, amalga oshirgan loyihalari va ish-faoliyatida erishgan natijalari boʻyicha saralangan yetakchilar Respublika bosqichida ishtirok etish uchun 4 ta shart asosida qizgʻin bellashuv olib borishdi. Bellashuv natijalariga koʻra 1-oʻrinni Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yoshlar yetakchisi - Qurbonaliyev Bekzod Abdumalik oʻgʻli egallab, gʻoliblikni qoʻlga kiritganligi uchun mukofotlandi.

Tadbir davomida, Jinoyatchilikka qarshi kurashish, ichki ishlar organlari obroʻsini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida oʻz xizmat vazifalariga vijdonan yondashib hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir qator ichki ishlar organlari xodimlariga Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага