21 May 2022 513

Bilim va amaliy koʻnikmalar sinovi

Soha uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi taʼlim jarayoniga ilgʻor yondashuvlar tatbiq etilmoqda. Shulardan biri “Final” kompleks oʻquv mashqlaridir.

“Final” nima?

“Final” – bu bitiruvchi bosqich kursantlari bilan oʻquv yili yakunida oʻtkaziladigan mashgʻulotlar boʻlib, uning asosiy maqsadi nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar yordamida mustahkamlash, kursantlarning kelgusidagi faoliyatiga moslashishini taʼminlashdir. Bunda mashgʻulotlar IIO amaliyotiga, undagi sharoitlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan holda oʻtkaziladi. Yaʼni ixtisoslik yoʻnalishlarida taʼlim olayotgan kursantlar oʻquv tergov-tezkor guruhlariga taqsimlangan holda sodir qilingan jinoyatni fosh etishdan sud jarayonigacha boʻlgan protsessual harakatlarni mustaqil ravishda bajaradi.

Foydali jihatlari

Mutaxassislarning fikricha, “Final” kompleks oʻquv mashqlari kursantlarning jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatlarni fosh etish va tergov harakatlarini oʻtkazishda maqbul tezkor-xizmat hamda protsessual qarorlarni qabul qilish koʻnikmalarini shakllantiradi. Muhimi, berilgan topshiriqni bajarish jarayonida har bir kursant oʻzining kasbiy mahorati, tezkor-taktik qobiliyati, psixofiziologik tayyorgarligini yuksaltirishga erishadi. Bu esa ularning amaliy faoliyatga qisqa fursatda moslashishiga yordam beradi.

Mashgʻulotlar qanday oʻtmoqda?

Joriy yilning 16-mayidan kompleks oʻquv mashqlari boshlandi. Mashgʻulotlar ixtisoslik kafedralari qoshidagi oʻquv-metodik xonalar, kriminalistik poligon, shuningdek maxsus jihozlangan obyekt va maydonchalarda olib borilmoqda. Kursantlarning giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, oʻgʻirlik, firibgarlik, qasddan badanga shikast yetkazish, bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlarini fosh etish boʻyicha egallagan nazariy bilim hamda koʻnikmalari sinovdan oʻtkazilmoqda.

Amaliyot xodimlari ham jalb qilingan

Aytish joizki, oʻquv mashqlariga Akademiya ixtisoslashtirilgan kafedralari professor-oʻqituvchilari bilan birga, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmat rahbarlari va boy tajribaga ega xodimlari, sud, prokuratura, advokatura tizimi vakillari, shuningdek oʻquv dargohida taʼlim olayotgan magistratura tinglovchilari ham jalb etilgan. Ular tomonidan mashgʻulotlar davomida oʻquv tergov-tezkor guruhlari tomonidan amalga oshirilayotgan protsessual harakatlar baholab borilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, “Final” kompleks oʻquv mashqlari taʼlim dargohini tamomlash arafasida turgan yoshlar uchun kasbiy bilim va salohiyat namoyon etiladigan sinov maydoniga aylanmoqda. Ayni jarayonda kursantlarning professional mahoratini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani kadrlar tayyorlash samaradorligini yanada oshirishi, shubhasiz.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага