Buvayda tumanida pul va tilla-taqinchoqlarni oʻgʻirlagan shaxs javobgarlikka tortildi
Buvayda tumani. Begobod mahalla hududida yashovchi fuqaro I.T IIBga murojaat qilib, unda 03 mart kuni nomaʼlum shaxs yashash xonadoniga gʻayriqonuniy ravishda kirib, yashash xonadoni yotoqxonasidagi kiyim shkafida boʻlgan narxi 7.200.000 soʻmlik turli xil ayollar tilla-taqinchoqlari va 1.050.000 soʻm pullarini yashirin ravishda oʻgʻirlab, hodisa joyidan yashiringanligini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Buvayda tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida, ushbu jinoyatni N.S ismli ayol sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling!
Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati