Buxoro shahrida yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimiga pora bergan shaxs ushlandi
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Departamentning Olot tumani boʻlimi xodimlari hamkorligida YPX inspektorining bildirgisi asosida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Shofirkon tumani «Bogʻiafzal» mahallasida yashovchi 2000-yilda tugʼilgan F.A. ismli shaxs spirtli ichimlik isteʼmol qilib, mast holatda avtomashina boshqarganligi uchun tuzilgan maʼmuriy bayonnomani oqibatsiz qoldirish va avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga inspektorga pora taklif qilib, Buxoro shahridagi «Buxoro trans stand» MCHJga qarashli jarima maydonida 1.100.000 soʻm pullarni bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Unutmang! Pora berish ham, pora olish ham jinoyat va har ikkala holatda ham Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida bir xil jazo belgilangan.
Shunday ekan, har birimiz jamiyatda uchraydigan har qanday korrupsion holatlarga qarshi birgalikda kurashaylik.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati