14 Iyun 2022 2492

Buxoro viloyati xodimlariga farzandlarining taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanoma va taqdimnomalar topshirildi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar zamirida nafaqat soha xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, balki, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Maʼlumki, oʻtgan davr mobaynida dastlab profilaktika inspektorlariga xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida avtomashinalar berilgan boʻlsa, tizimda olib borilgan keyingi islohotlar natijasida barcha ichki ishlar organlari xodimlarini qamrab olgan qator imtiyozlar bosqichma-bosqich joriy etildi.

Bu borada, davlatimiz rahbari hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarorlariga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlari farzandlariga oliy (harbiy) va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanoma hamda taqdimnomalarning berilishi tizim xodimlari va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab quvvatlashning yorqin namunasi boʻldi.

Xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qoʻshgan, xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga kvota asosida davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga (ikkinchi taʼlimdan tashqari) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy (magistratura, ikkinchi va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimdan tashqari) va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga Vazirlik tomonidan beriladigan tavsiyanoma (taqdimnoma) asosida oʻqishga kirishi belgilab qoʻyilgan.

Maʼlumot oʻrnida: tavsiyanoma fuqarolik oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun, taqdimnoma harbiy bilim yurtlari uchun beriladi.

13-iyun kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida oʻtkazilgan tadbirda boshqarma boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan mazkur huquqiy hujjatlarga muvofiq, Ichki ishlar vazirligining buyrugʻiga asosan xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan jami 77 nafar xodimning farzandlariga oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanoma va taqdimnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tinchlik posbonlari va ularning farzandlariga qaratilayotgan bu kabi yuksak eʼtibor, ularning vatanga sadoqati va xizmatga boʻlgan shijoatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага