24 Dekabr 2021 5387

Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi

Yurtimizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va aloqador tashkilotlarning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, informatsion texnologiyalar keng tatbiq qilinmoqda. Jinoyatchilikka murosasizlik «mahallabay», “xavfsiz xonadon”, “xavfsiz hovli” va «fuqarobay» usullarida olib borilmoqda. Bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yaxshilash hamda hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, tajribalar yaratish boʻyicha mutasaddi rahbarlardan tashabbuskorlik talab etilmoqda.

Topshiriqqa asosan, IIV ishchi guruhi Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi.

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 12-fevral kuni IIV Hayʼatining kengaytirilgan majlisida berilgan topshiriqlar ijrosi oʻrganilib, tahlil qilindi. Xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi holatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishchi guruh tezkor-qidiruv, profilaktika va yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishlari boʻyicha kichik guruhlarga boʻlinib, viloyatning barcha tuman-shaharlarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida keng qamrovli maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazdi.

Tadbirlar davomida 523 nafar voyaga yetmaganlar taʼlimga qaytarildi, 257 ta oila yarashtirildi, 256 ta “himoya orderi” rasmiylashtirildi, 59 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlandi, 1 470 marotaba uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar oʻtkazildi, farzand tarbiyasi boʻyicha majburiyatlarni bajarmagan 289 nafar ota-onalarga nisbatan choralar koʻrildi.

Shuningdek, 27 ta jinoiy, 67 ta maʼmuriy holatlar aniqlanib, 9 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 7 ta jinoyatlar fosh etildi hamda 356 dona oʻq-dorilar va 8 dona oʻq otar qurollar ixtiyoriy ravishda topshirildi.

Yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan «maxsus avtoreyd» tadbiri davomida 2 274 ta qoidabuzarliklar aniqlangan boʻlib, shundan 997 tasi qoʻpol qoidabuzarliklar hisoblanadi, 844 ta avtomashina jarima maydoniga joylashtirildi.

Har qanday saʼy­harakat samarasi uning natijadorligi bilan baholanadi. Viloyat IIB rahbarlari va oʻrinbosarlari ishtirokida aniqlangan muammoli masalalar hamda tezkor tadbirlarning amaliy natijalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov va Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov ishtirok etdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasining mazmun mohiyati va belgilangan vazifalar tushuntirildi. Shu bilan birga, rahbar xodimlarning faoliyati davomida tashabbuskorligi, bilim saviyasi, odob-axloqi hamda xizmat intizomiga rioya etishi tahlil qilindi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 14 nafar rahbar va masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo qoʻllandi. Jumladan, Buxoro va Shofirkon tuman IIB boshliqlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, viloyat IIB probatsiya boʻlimi boshligʻi va Kogon shahar IIB boshligʻi, Peshkoʻ, Shofirkon, Buxoro va Kogon tumanlari IIB boshliqlarining oʻrinbosarlariga intizomiy choralar koʻrildi. Oʻz xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan 31 nafar xodimlar “Aʼlo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, muddatidan oldin maxsus unvonlar, esdalik qoʻl soatlari hamda pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi. Viloyatdagi boʻsh boʻlgan 3 ta rahbarlik lavozimlari tajribaga ega, yuqori malakali nomzodlar bilan toʻldirildi.

Sodir etilayotgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida har bir tuman-shahar IIB boshliqlari va mazkur hududlarga biriktirilgan viloyat IIB rahbar xodimlari tomonidan joylardagi vaziyatning chuqur tahlili asosida, jinoyatchilikni jilovlash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Viloyatda aniqlangan muammoli masalalar yechimi boʻyicha viloyat hokimligi binosida ham yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda viloyat hokimi Botir Zaripov hamda viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa hamkor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash borasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va erishilgan yutuqlar sektorlar kesimida tahlil qilindi.

Ichki ishlar vaziri tomonidan, viloyatning shahar-tumanlarida jinoyatlar muhokamasi borasidagi kamchiliklar tanqid qilindi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni qisqa muddat ichida bartaraf etish boʻyicha sektor rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov jamoat xavfsizligi konsepsiyasi asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda qator vazirliklar va mahalliy hokimliklarga ham ustuvor vazifalar yuklatilganligini taʼkidlab, jinoyatchilikni jilovlash va aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish boʻyicha, barcha mutasaddi rahbarlar daxldorlik hissini anglagan holda, faoliyat yuritishi lozimligi uqtirildi.

Bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha viloyat hokimi boshchiligida, aniq reja asosida ishlarni tashkil etishga kelishib olindi.

IIV Axborot xizmati bosh mutaxassisi S.Hakimov

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага