27 Iyun 2021 878

Buxoroda 10 dan ortiq erkakka tanosil kasalligini qasddan yuqtirgan ayol aniqlandi

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari hamda taalluqli boshqa idoralar bilan hamkorlikda, OIV infektsiyasi, tanosil va boshqa shunga o'xshash yuqumli kasalliklarni tarqalishiga qarshi kurashish borasida bir qator targ'ibot va tashviqot tadbirlari o'tkazilib, ushbu yo'nalishda Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilinib, fuqarolarimizga ogohlantirish va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ammo, o'zi, oila a'zolari, yaqinlari va atrofdagilarning hayoti va sog'lig'iga e'tiborsiz bo'lgan, nosog'lom turmush tarzi va tartibsiz jinsiy munosabatlar natijasida gohida bilib, gohida bilmagan holda turli yuqumli kasalliklarni, ayniqsa tanosil kasalligi va OIV infektsiyasini yuqtirib olish holatlari kuzatilmoqda.

eng achinarlisi, OIV infektsiyasi yoki tanosil kasalligini yuqtirib olgan shaxs sifatida ro'yxatga olinib, ushbu kasalliklarni boshqa shaxslarga yuqtirganlik uchun javobgarlikka tortish to'g'risida ogohlantirilib, tilxat olinganligiga qaramasdan, kasallikni qasddan yuqtirish yoki yuqish xavfi ostida qoldirish jinoyatini sodir qilayotgan shaxslarning aniqlanayotganligi bugun barchani qattiq tashvishga solmoqda.

Xuddi shunday, Buxoro viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida, Qorako'l tumanida istiqomat qiluvchi 1995 yilda tug'ilgan 26 yoshli ayol, 2021 yilning 20 may kunidan e'tiboran tanosil kasalligini yuqtirib olgan shaxs sifatida, Buxoro viloyati Teri-tanosil kasalliklar dispanseri tomonidan ro'yxatga olinib, tanosil kasalligini boshqa shaxslarga yuqtirmaslik, bunday xatti harakatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to'g'risida yozma ravishda ogohlantirilib tilxat olingan bo'lishiga qaramasdan joriy yilning 25 may kunidan 6 iyun` kuniga qadar bo'lgan vaqt oralig'ida, Jondor tumanida yashovchi 25-30 yoshlar atrofidagi 10 dan ortiq shaxslar bilan turli joylarda o'zini tanosil kasalligiga chalinganligini bilgan holda himoya vositalarisiz jinsiy aloqada bo'lib, ushbu fuqarolarga tanosil kasalligini yuqtirish yoki yuqtirish xavfi ostida qoldirish jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jondor tumani IIB huzuridagi tergov bo'limi tomonidan Jinoyat kodeksining 113-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, bugungi kunda avj olib borayotgan OIV infektsiyasi va shu kabi tanosil kasalligini yuqtirib olmaslik maqsadida sog'lom turmush tarziga rioya qilib, tartibsiz jinsiy munosabatlarga kirishmasligingizni so'rab qolamiz.

Shunda o'zingiz, oila a'zolaringiz, yaqinlar va atrofdagilarni tuzatib bo'lmas yuqumli kasalliklarga chalinishdan asrab qolgan bo'lasiz!

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага