16 Oktabr 2022 1292

Buxoroda “Oilam — qoʻrgʻonim” nomli tadbir tashkil etildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Ayol xoʻrlansa oilada nosogʻlom maʼnaviy muhit shakllanadi, ayol bebosh boʻlsa, jinoyatga yoʻrgʻalaydi, ayol kasalmand boʻlsa, millat genofondi buziladi, ayol ilm-u maʼrifatdan uzoqlashsa, farzandlar tarbiyasiz oʻsadi. Bu esa alal-oqibat mamlakat taraqqiyotiga bolta urishi muqarrar. Ayol baxtli boʻlsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli boʻladi”.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatda tutgan oʻrnini yanada mustahkamlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, IIV ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyati hududida oʻtkazilayotgan oʻrganishlar doirasida bugun, 15-oktyabr kuni Buxoro shahrida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Buxoro shahar hokimligi hamkorligida ajrimlarning oldini olish, oilalardagi nizolarni bartaraf etish, “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida “Oilam — qoʻrgʻonim” nomli navbatdagi tadbir tashkil etildi.

Bunda, joriy yil davomida hududida birorta ham jinoyat va ajrim holatlari qayd etilmagan 3-sektorga qarashli “Havzi nav” mahallasi masʼullarining ish faoliyati namuna qilib koʻrsatilib, oʻzaro tajriba almashinuvi uchun ayni muddao boʻldi.

Tadbirda Buxoro shahar hududidagi 65 ta mahallalardan 70 dan ortiq oʻzaro nizoli, ajrim yoqasiga kelgan hamda “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj biroq, kasb-hunar egallash va oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan xotin-qizlar va yoshi ulugʻ, uzoq yillik namunali hayot tajribasiga ega nuroniylar ishtirok etdi.

Qizgʻin oʻtkazilgan tadbir davomida viloyat IIB, Adliya, Bandlik boshqarmalari, FHDYO, Hunarmand uyushmasi, Xalq banki mutaxassislari va Buxoro davlat universiteti psixologlari tomonidan xotin-qizlarning mavjud muammo va takliflari atroflicha oʻrganilib, ularga har tomonlama huquqiy va psixologik maslahatlar berildi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi JXXD HPX boshligʻi polkovnik Baxtiyor Berdialiyev soʻz olib, oila totuvligi, farzand tarbiyasidagi asosiy masʼuliyat onaning zimmasiga tushar ekan, buning uchun eng avvalo xotin-qizlarni ilm-u maʼrifatga yoʻnaltirish, kasb-hunarga oʻrgatish muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan 3-sektorga qarashli “Havzi nav” mahallasida istiqomat qiluvchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan hunarmandchilik va ishlab chiqarish mahsulotlari koʻrgazmasi yigʻilganlarda tashabbuskorlikni rivojlantirish boʻyicha alohida oʻrnak boʻlgani bilan samarali boʻldi.

Mazkur tadbir mobaynida ajrim yoqasidagi 4 ta oila yarashtirilib, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 nafar xotin-qizga oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi va 8 nafar ayolning bandligi taʼminlandi.

Yakunda viloyat IIB JXX HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlimi boshligʻi hamda Buxoro shahar hokimi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi ishtirokida bir qator namunali oilalar vakillariga joriy yil davomida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida yaratilgan qulay imkoniyatlardan unumli foydalanib, oʻzi va oilasining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yanada yaxshilanishi borasida faolligi va tashabbuskorligi uchun viloyat IIB boshligʻi hamda viloyat hokimi oʻrinbosarining tashakkurnomasi va viloyat Hunarmand uyushmasi tomonidan 15-oktyabr — “Qishloq ayollari kuni” munosabati bilan diplomlar ham topshirildi.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага