13 Avgust 2022 634

Buyuk qalb egasi

Chingiz Aytmatov - buyuk qalb sohibi. Adibning qaysi asarini oʻqimang, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurash sahnalarini yuksak did, nafis munosabatlar, qalbni titratuvchi tuygʻular orqali tasvirlab bera olganiga amin boʻlasiz. Mening nazarimda, u yozuvchi boʻlmaganida, buyuk musavvir boʻlardi. Tyanshan togʻining qorli choʻqqilari, dovon yoʻllari yoqasidagi ovullar, qoʻl ushlashib, uzoq-uzoqlarga yoʻl olgan sevishgan yigit-qizlarning suvratlarini chizganida ham, bu kartinalar Luvr, Ermitaj kabi galereyalarning toʻridan joy olardi.

Uning “Birinchi muallimi” faqat yetti-sakkizta soʻzni yozishni bilardi. U oʻquvchilariga bir yildan keyin bir soʻzni yozishni oʻrgatishni vaʼda qiladi.

Boyning otxonasidagi maktabi oʻndan ortiq bolaga dunyoga ochilgan oyna, orzu-umidlar yoʻlining oltin darvozasi vazifasini bajardi. Boyning savqi tabiatiga moslab qurilgan, vayronaga aylangan binoni isitish uchun bor-yoʻgʻi oʻsmirlik ostonasidan hatlab oʻtgan bolalar qir-adirlardan tezak terib kelishadi. Togʻ qishi qirovli va ayozli kelishiga qaramay, maktab oʻz faoliyatini toʻxtatmaydi.

Uning toʻxtashiga har doimgidek johil odamlar sababchi boʻladi.

Birinchi muallimning intilishlari togʻliklarning mutaassib vakillariga maʼqul kelmaydi. Ezgulik va yovuzlik oʻrtasida kurash boshlanadi. Adolatli, erkin, baxtli, farovon jamiyat qurishga boʻlgan intilish bilan mechkaylik, xudbinlik, konservatizm, shahvatparastlikka burkangan jaholat oʻrtasidagi kurash keskinlashadi. Ular bolalarning maktabda tahsil olishiga har tomonlama qarshilik koʻrsatishadi. Birinchi muallimga tazyiq, zoʻravonliklar boshlanadi. Maktabni vayron qilishga urinib koʻrishadi.

Oʻquvchilar orasidagi asli yetim boʻlgan qizlardan biri eski udumga koʻra qalin evaziga majburlab erga berib yuboriladi. Toʻgʻrirogʻi sotib yuboriladi.

Qarangki, ezgulik uchun kurashga otlangan birinchi muallim bu safar ham gʻolib chiqadi. U askarlar yordamida qizni qutqarishga muvaffaq boʻladi.

Deyarli ruhan majruh holga kelgan, maʼnan oʻlayozgan qizaloqni jar yoqasidan qutqarib olgach, uning qalbida yana orzu shamchirogʻini yoqadi. Yetaklab olib borib, shaharda oʻqishi uchun poyezdga mindirib yuboradi. Kelajakda esa ushbu qizaloqdan akademik olim yetishib chiqadi.

Kitob shu yerda mantiqiy yakuniga yetishi mumkin edi. Lekin birinchi muallimning buyukligini ochib beradigan yana bir epizod bor. Qiz birinchi muallimni sevib qolgandi. Lekin muallim oʻzining xizmatlari evaziga mana shunday tuygʻuni sovgʻa sifatida olishni istamaydi.

Bunday evazni olsa yaxshiligini minnat qilgandek boʻlib qolardi. U hech narsa tama qilmaydi. Shunchaki, yuksaklikda, ulugʻ insoniylik taxtida qoladi.

Chingiz Aytmatovning “Manqurti” barcha zamonlarda yashab kelayotgan shaxs. U hamma joyda boʻlgan, bor. U aqlsizlik - qullik, tarixsiz el - kelajaksiz el, tilidan ayrilmoqlik - oʻzligidan ayrilmoqlik ekanining timsoli.

U jaholatning qoʻlidagi tigʻ boʻlib, oʻz onasining bagʻrini tilkalashga otlantirilgan, ona elatini yoʻq qilgan bosqinchilarga yerlarini qoʻshqoʻllab tutqazgan bandilar timsoli. Ruhiy, maʼnaviy bandilarning tasviri, tavsifi.

Uning onasi erkinlikka chogʻlangan zotning hayqirigʻi, xitobi. Ey, odamlar, koʻzingizni oching, degan ogohlik chaqirigʻi! U hozir ham boʻronlar orasidan omon chiqib, qozoq dashtlari orasidan turib, yoʻq boʻlib ketayotgan elatlarga qarata shunday xitob qilayotgandek boʻlib tuyulaveradi:

- Oʻgʻlim! Sening oting Oq burgut! Sen kreollardansan!

Chingiz Aytmatov oʻzining asarlari bilan asrlar davomida insoniyatni ogohlikka, yaxshilikka, mehr-muhabbatga undab, kelajakda ham dunyoda ezgulik gʻalabasiga hissa qoʻsha oladigan buyuk adib sifatida mangu yashayveradi.

Jamshid Egamberdiyev, Shirin shahar IIB boshligʻining oʻrinbosari, kapitan

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага