19 Noyabr 2022 831

Davlat bayrogʻi qabul qilingan kunga bagʻishlangan tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlik memorandumi ham imzolandi

Ichki ishlar vazirligi Markaziy apparati shaxsiy tarkibi ishtirokida joriy yilning 19-noyabr kuni “Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi” mavzusida “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi oʻtkazildi. Mavzuni yoritish uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Sharq yulduzi” va «Zvezda Vostoka» jurnallari bosh muharriri, “Shuhrat” medali sohibi, shoir Sirojiddin Rauf taklif etildi.

Tadbir davomida vazirlik Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati masʼul xodimi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Zikrilla Neʼmat bayroq toʻgʻrisidagi sheʼrini yigʻilganlar eʼtiboriga havola qildi.

Shuningdek, tadbirda boks boʻyicha Jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibi, Toshkent viloyati IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi guruh komandiri, katta leytenant Isroil Madrimov ham ishtirok etib, musobaqalarda Vatanimiz bayrogʻi yuqoriga koʻtarilganidagi taassurotlarini soʻzlab berdi.

Tadbir davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlik memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, band boʻlmagan aholi qatlamlarini kasb-hunarga oʻqitish va yoʻnaltirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2020-yil 11-avgustdagi mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy etishga doir Prezident qaroriga koʻra, aholining ishchanlik faolligini oshirish, ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunarga oʻqitish va ularning doimiy daromad keltiradigan mehnat faoliyatiga jalb etish orqali bandligini taʼminlash tartiblari belgilangan.

Shuningdek, mazkur qaror asosida 2021-yil 1-yanvardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etildi. Ayni kunda monomarkazlarda minglab fuqarolarimiz zamonaviy kasb-hunarga oʻqitilib, ularning bandligini taʼminlashga yaqindan koʻmaklashilmoqda.

Bugungi tadbirda aynan monomarkazlar faoliyati boʻyicha Ichki ishlar vazirligining Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan “Oʻzaro hamkorlik memorandumi” imzolandi. Bugungi imzolangan memorandum hamkorligimizni yanada mustahkamlashga huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага