15 Mart 2023 495

Davlat rahbarining topshirigʻiga binoan hududlarda aholi muammolariga eʼtibor qaratish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh Surxondaryo viloyatida oʻrganish olib bormoqda

Tadbirda viloyat ijtimoiy infratuzilma obyektlari, aholini gaz, elektr energiyasi, koʻmir va ichimlik suvi bilan taʼminlash ahvoli, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir mahallalarda sektor rahbarlari va mahalla faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalarga eʼtibor qaratilmoqda.

Jarayonda Surxondaryo viloyatining 13 ta shahar-tumanlarida 21 ta arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etildi hamda 1 416 nafar tomorqa yer egalari «Daladan dasturxongacha» tamoyili asosida 47 ta oziq-ovqat savdo doʻkonlari, 5 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari va 15 ta dehqon bozorlariga biriktirildi.

Ishchi guruh tashabbusi bilan Termiz, Oltinsoy, Angor, Boysun, Denov, Qiziriq, Sariosiyo, Uzun va Shoʻrchi tumanlarida oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida fuqarolarga 32 ta turdagi davlat xizmatlari onlayn koʻrsatildi, Shuningdek, 113 ta mahallada 583 nafar fuqarolar ishtirokida qonunchilik hujjatlarining mazmun mohiyati tushuntirildi, 5 ta tadbirkorlik subyektlarining faoliyati qayta tiklandi.

Ishsizlikka barham berish yoʻnalishida Jarqoʻrgʻon, Denov, Sariosiyo, Bandixon, Boysun, Oltinsoy, Qiziriq, Uzun, Sherobod tumanlari va Termiz shahrida tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida 35 nafar fuqaro doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, 67 nafari kasbga oʻqitishga yuborildi. Shu jumladan 57 nafar fuqarolar oʻzini oʻzi band qilish, 5 nafari yangi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish hisobiga tashkil etilgan joylarda ish bilan taʼminlandi.

Tadbir jarayonida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlikning hamkorlik masalalariga ham eʼtibor qaratilmoqda.

Ushbu yoʻnalishda Termiz, Oltinsoy, Angor, Boysun, Denov, Qiziriq, Sariosiyo, Uzun va Shoʻrchi tumanlaridagi «qizil» toifaga kiritilgan mahallalarda huquqiy targʻibot tadbirlari tashkil qilinib, jamoat xavfsizligi konsepsiyasining mazmun – mohiyati tushuntirib berildi. 169 ta nizoli oilalar aniqlanib, ularning 58 tasida maishiy muammolari bartaraf etildi, 15 nafar ayollarga «himoya order»lari rasmiylashtirildi. Targʻibot jarayonida 6 ta ijtimoiy soha obyektlari va 10 ta fuqaro xonadonlari qoʻriqlovga olindi.

Idoralararo ishchi guruhining Surxondaryo viloyatidagi oʻrganish ishlari davom etmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага