Diniy mutaassiblik javobgarlikka sabab boʻladi
2023-yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda arab davlatlarida keng tarqalgan «burqa» kiygan nomaʼlum ayolning «Ayollar ehtiyot boʻling» nomli videolavhasi tarqaldi. Unda ayollarning tashqi koʻrinishi tanqidga olingani aks etgan.
Ushbu holat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida mazkur videorolik muallifi 2003-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, poytaxtdagi oliy taʼlim muassasalarining birida tahsil oluvchi fuqaro Q.Sh. ekanligi aniqlandi va 2023-yil 2-mart kuni Shayxontohur tumani IIO FMBga taklif etildi.
Suhbat davomida fuqaro ijtimoiy tarmoqda ayollarning tashqi koʻrinishiga oid munosabatini shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda xorijiy saytlarning biridan olingan materiallar asosida bildirganligini, hozirgi kunda uy sharoitida videolavhada koʻrsatilgan noanʼanaviy ayollar liboslarini (burqa) tikish va aholiga sotish bilan shugʻullanishini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida»gi qonuniga asosan, jins boʻyicha bilvosita kamsitish, yaʼni bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qoʻyadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, taʼlim, madaniyat orqali targʻib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu Qonunning 29-moddasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Shunday ekan, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar oʻzlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha koʻrinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakatda hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Ushbu qonunning 5-moddasiga koʻra, mamlakatda vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, fuqarolarning sogʻligʻi va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy gʻoyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qoʻyilgan.
Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro Q.Sh.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1842-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.