Dolzarb talab va mezonlar yetkazildi
IIV Akademiyasida magistratura tinglovchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Yangi oʻquv yili munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda taʼlim muassasasi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov ishtirok etdi.
Muloqot avvalida ichki ishlar organlari tizimidagi izchil islohotlar, ayniqsa soha uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan ilgʻor yondashuvlar haqida soʻz bordi. Oʻtgan davr mobaynida magistratura faoliyatida erishilgan natijalar eʼtirof etilib, joriy oʻquv yilining ustuvor vazifalariga toʻxtalib oʻtildi.
Akademiya boshligʻi hozirgi murakkab sharoitda ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligi, qaysi boʻgʻin boʻlmasin, har bir rahbarning yetuk salohiyati, boshqaruvchanlik fazilati, fidoyiligi va vatanparvarligiga bogʻliq ekanini aytdi.
– Prezidentimiz “taʼlimni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz”, deya taʼkidladilar. Soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashda innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllagan holda taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki bugungi davr talablari kechagi kunning mezonlaridan mutlaqo farq qiladi. Tizimdagi keng qamrovli islohotlar zamonaviy bilim va tafakkurga ega, davr bilan hamnafas, har tomonlama professional kadrlar tayyorlash masʼuliyatini yuklamoqda, – dedi Akademiya boshligʻi.
Uchrashuvda yangi avlod rahbar kadrlaridan talab etilayotgan eng asosiy mezonlar, ichki ishlar organlarini samarali boshqarishning muhim jihatlari, shuningdek oʻquv va xizmat intizomiga amal qilish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Tinglovchilar yuksak masʼuliyatni anglab, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni puxta egallashlari, tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik faoliyatning asosiy qoidasi boʻlishi zarurligi qayd etildi.
– Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, kelajak maqsadingiz yoʻlida ulkan qadam tashladingiz. Bu imkoniyatni munosib qadrlab, zamonaviy rahbar xodimlar sifatida ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishingizga ishonaman, – dedi Akademiya boshligʻi.
Tadbir yakunida magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv” va “tashkiliy-taktik boshqaruv” yoʻnalishlariga qabul qilingan 75 nafar tinglovchiga “Liderlar kitobi” risolasi sovgʻa qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati