26 Sentabr 2022 1008

“Dovyurak jangchi” intensiv sinovlari yakunlandi

Joriy yil 19-23-sentyabr kunlari Qarshi shahridagi “Qoʻngirtogʻ” dala oʻquv maydonida Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Dovyurak jangchi” intensiv sinovlari yakunlandi. Qarshi shahridagi 7533-sonli harbiy qismda “Dovyurak jangchi” intensiv sinovlari yakuniga bagʻishlangan tadbirni Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Ubaydulla Djabbarov ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligini yuqori darajada tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, oʻtkazilgan uch bosqichli intensiv sinovlarda harbiy xizmatchilar xavfsizlik choralariga qatʼiy amal qilgan holda jangovar ruh, matonat va shijoat bilan topshiriqlarni bajargani eʼtirof etildi.

“Dovyurak jangchi” intensiv sinovlari ishtirokchilari kompleks kuch mashqlari, 30 km masofaga piyoda yurish (marsh-yugurish) va yagona toʻsiqlar yoʻlagida umumiy nazorat mashqini oʻqotar qurollardan (avtomat yoki toʻpponcha) amaliy otish mashqini va pichoq uloqtirish mashqi boʻyicha sinovlarni bajarishdi.

Ichki ishlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy va jismoniy tayyorgarligini yuqori darajaga koʻtarishga xizmat qiluvchi tadbirda Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7533-7536-7551-7553-harbiy qismlar harbiy xizmatchilari mayor Bekzod Aitov, katta leytenant Jaloliddin Omonov, kichik serjantlar Sardor Xamdamov, Sherzodbek Yoʻldoshev, Adizjon Pulatov, 3-darajali serjant Zaidjon Jiyenboyev, oddiy askarlar Xursand Yuldoshev, Murodjon Oltiyev, Muxriddin Xoʻjamurodov yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, hamkasblariga oʻrnak boʻlishdi.

Vazirlik Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli 7251-7253-7255-7256-harbiy qismlar harbiy xizmatchilari mayor Xamidullo Sultonov, kichik serjantlar Temur Abduraimov, Jamol Normurodov, Iskandar Hazratov, Abduqodir Xamroqulov, Tursunali Meliboyev, Sherzod Sharopov, Sherzod Toshmirzayevlar bor mahorat va tajribalarini ishga solib eng yaxshi natijalarni qayd etishdi.

Sogʻlom raqobat ruhida va yuqori saviyada oʻtgan tadbirda bor kuch-gʻayratlarini namoyon qilgan harbiy xizmatchilarning yutuqlari barcha hamkasblari uchun ibrat va mahorat maktabi boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Harbiy orkestr sadolari ostida sinovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yutuqlarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilar eʼtirof etildi.

Gʻoliblar joriy yil noyabr oyida ichki ishlar vaziri huzurida taqdirlanadi.

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага