21 Noyabr 2021 1064

Faoliyat samaradorligi tanqidiy-tahlil qilindi

Bugun ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bevosita joylarda ijrosini taʼminlash, har bir rahbar va xodimdan o‘z ishiga masʼuliyat va talabchanlik bilan yondashishni talab etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonov rahbarligida Ichki ishlar vazirligi hayʼatining navbatdan tashqari majlisi videoselektor tarzida o‘tkazildi. Majlisda Vazir o‘rinbosarlari, markaziy apparat sohaviy xizmatlari va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, jazoni ijro etish muassasalari boshliqlari va harbiy qism komandirlari hamda tuman-shahar ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi qatnashdi.

General-leytenant P.Bobojonov bugun ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarning samarali amalga oshirilishi ko‘p jihatdan barcha bo‘g‘indagi rahbar va xodimlarning salohiyatiga, masʼuliyat va intilishiga bevosita bog‘liq ekanligi haqida gapirib, hozirgi kunda ichki ishlar organlari tizimida ulkan islohotlar olib borilayotganligini, xodimlarning xizmat va turmush sharoitlari kundan-kunga yaxshilanayotganligini, bunga javoban har bir xodim masʼuliyat va shijoat bilan xizmat qilishi lozimligini alohida taʼkidladi.

Ichki ishlar vaziri o‘z so‘zida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, xodimlarning dunyoqarashini kengaytirish, tizimda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish borasida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligiga eʼtibor qaratdi.

Tizimda xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etilishi ahvoli tanqidiy ruhda ko‘rib chiqilib, masalaga javobgar bo‘lgan ayrim rahbarlarning xatti-harakatlari keskin muhokama qilindi.

Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, o‘z qo‘l ostidagi shaxsiy tarkib ustidan taʼsirchan va tizimli nazorat o‘rnatmagani uchun 23 nafar rahbar xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi. Shu jumladan, 6 nafar rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Ushbu yo‘nalishdagi kamchiliklari uchun Qashqadaryo, Sirdaryo va Namangan viloyatlari IIB boshliqlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri ogohlantirildi.

Shuningdek, xizmat intizomi buzilishi holatlari nisbatan ko‘p sodir etilgan 8 ta tuman-shahar ichki ishlar organlari rahbarlarining faoliyati joyiga chiqqan holda qo‘shimcha o‘rganib chiqilishi hamda masʼul rahbarlarning egallab turgan lavozimiga loyiqligi yuzasidan taklif kiritilishi topshirildi.

Hayʼat yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglanib, kelgusida har bir xodimning o‘z xizmat burchiga masʼuliyat bilan yondashgan holda, fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilishi, bu borada shaxsiy tarkibning maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashi hamda zamonaviy kasbiy bilim va amaliy ko‘kmalarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага