15 Iyun 2022 1155

Farg‘ona viloyatidagi o‘rganishlar davomida aholi muammolari joyida bartaraf etilmoqda

«Assalomu alaykum men Laylo Anvarova Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida istiqomat qilaman. Kuni kecha 15 iyun kuni soat o‘n birlar atrofida tuman markazida ochilgan chevarchilik markaziga ish qidirib borgan edim, bu yerga Prezident topshirig‘i bilan Respublika ishchi guruhi tashrif buyurib, ehtiyojman ayollarga tikuv dastgohlari topshirilayotganligiga guvoh bo‘ldim. Men ishchi guruh masʼullariga yuzlanib, ish qidirayotganligimni aytdim. Meni so‘zlarimni tinglagan rahbarlar yosh bolali ekanligimni hisobga olib, kerakli dastgohlarni uyimga o‘rnatib berish bo‘yicha tuman mutasaddilariga topshiriq berdi. Oradan ikki soat o‘tgach mutaxassislar dastgohlarni uyimga o‘rnatib ketishdi. Ishonsangiz tush ko‘rayotganga o‘xshayman, Buning uchun Yurt boshimizga mingdan-ming rahmatlar aytaman, olib borayotgan odilona siyosatlari bizgacha yetib kelayotganligidan minnatdormiz. Har doim baxtimizga sog‘-omon bo‘lsinlar deb duo qilamiz».

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov va Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi respublika idoralararo ishchi guruhi Farg‘ona viloyatining barcha tuman-shaharlarida bo‘lib, aholi muammolarini manzilli bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

O‘rganishlarning ikkinchi kuni Bag‘dod tumani “Zafarobod” mahallasida yashovchi fuqaro Sobirjon Ro‘ziyev tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha tashkil etilgan tikuvchilik sexida mahalliy aholining bandligini taʼminlash orqali doimiy daromad manbaini yaratish amaliyotini o‘rganish bilan boshlandi. Bu yerda 20 nafar qishloq yoshlari ish bilan taʼminlangan.

Furqat tumani “Navbahor” mahallasida yashovchi fuqaro Nurali G‘aniyev tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillaridan 50 nafarining bandligi taʼminlangan.

– Muhtaram Yurtboshimizga katta rahmat, eng chekka hududlarda yashovchi qishloq ayollarini ish bilan taʼminlashga ham jiddiy eʼtibor qaratmoqda, – deydi ushbu sex ishchisi Shahzoda Qodirova. – Men  “Temir daftar”da ro‘yxatda turardim. Ushbu sexga ishga joylashib, daromad manbaiga ega bo‘ldim, ro‘zg‘orimga baraka kirdi.

Mazkur sex faoliyati ham ishchi guruhi tomonidan o‘rganilib, uni yana-da rivojlantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Shu yerning o‘zida ehtiyojmand 6 nafar ayollarga tikuv mashinalari va kitoblar to‘plami sovg‘a sifatida taqdim etildi.

Bunga qo‘shimcha tarzda ishchi guruhi masʼullariga murojaat bilan kelgan Laylo Anvarova uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilish maqsadida tikuv mashinasiga ehtiyoji borligini bildirdi. Unga ham tikuv mashinasi ajratilib, xonadoniga yetkazib berildi.

Masʼullar o‘rganish jarayonida sektorlar faoliyatiga alohida ahamiyat qaratdilar. Sektor rahbarlarining aholi bandligini taʼminlash,

ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish va jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash bo‘yicha amaliyotining natijadorligi o‘rganildi.

Shuningdek, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining hamkorlikdagi faoliyati yuzasidan suhbatlashildi. O‘rganishlar jarayonida “Navbahor” mahallasida jinoyatchilik salmog‘i yuqori ekanligiga eʼtibor qaratilib, profilaktika inspektorining faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

Shundan so‘ng ishchi guruhi Qo‘qon shahar “Isfara guzari” mahallasida joylashgan 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida bo‘ldilar. 335 nafar o‘quvchi taʼlim oladigan ushbu sanʼat dargohida yoshlar o‘zbek milliy cholg‘u-asboblarini chalishni o‘rganishmoqda. Bu yerda yo‘lga qo‘yilgan samarali ishlar ham ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi.

Davlat rahbarining yoshlarimizga bo‘lgan eʼtiborni yana-da kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish borasidagi besh muhim tashabbusi bugungi kunda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Ishchi guruhi masʼullari Qo‘qon shahar “Isfara guzari” mahallasida joylashgan 26-sonli maktabda besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib, bu yerda tashkil qilingan “Zakovat” klubi, raqs, doira, kitobxonlik, shaxmat-shashka, axborot texnologiyalari yo‘nalishlaridagi to‘garaklar faoliyati bilan tanishdilar.

Shu yerda o‘quvchi-yoshlar bilan ularning qiziqishlari, orzu-intilishlari haqida samimiy suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif inobatga olinib, ishchi guruh masʼullari tomonidan maktabga smart televizor sovg‘a qilindi.

Bugun odamlarni ish bilan taʼminlash, biror faoliyat turiga jalb etishning eng samarali yo‘li — ularni kasb-hunarga o‘qitish ekani, mamlakatimiz tajribasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida yoshlar, ayniqsa, ishsiz aholi qatlamini bu tizimga jalb qilish, kelgusida oliy taʼlimni davom ettirishidan qatʼiy nazar, ularga hayotida asqotadigan biror hunarni o‘rgatish, egallagan kasbi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi

Ana shunday xayrli ishlar doirasida Qo‘qon shahridagi “Davronbekov” mahallasida ochilgan “Monomarkazda ham bugun 60 nafardan ortiq yoshlar 10 dan ziyod yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Bu yerdagi dars va amaliy mashg‘ulotlar jarayonlari ham ishchi guruhi tomonidan ko‘zdan kechirildi.

Qo‘qon shahar “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ular tomonidan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.

Shu alohida taʼkidlash joizki, mazkur mahalla respublikada eng namunali mahallalardan biri sanalib, jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatda turuvchi fuqarolar mavjud emas. Mahalla guzarida esa hunarmandlar tomonidan ko‘rgazma tashkil etildi.

Ishchi guruh Farg‘ona viloyatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага