14 Oktabr 2021 3982

Faxriylar - faxrimiz. Tergovga bagʻishlangan umr

Yillar oʻtsada, xizmat davomida orttirilgan qatʼiyat va shijoat ichki ishlar organlari xodimlarini tark etmaydi. Isteʼfodagi polkovnik Alijon Maqsudov bilan suhbatimiz chogʻida bunga yana bir karra amin boʻldik.

— Pensiyaga chiqqach, koʻpchilik nabiralar tarbiyasi bilan shugʻullanishadi. Ularga yozish-chizishni emas, avvalo, haqiqiy inson boʻlib kamolga yetishishni oʻrgatamiz. Bu “ish”ning masʼuliyati, zavqi boshqacha. IIO faxriylari ham yosh xodimlarga boshqa hech bir taʼlim muassasasi bera olmaydigan bilim va tajribasini oʻrgatadi, — deydi Alijon Maqsudov.

U har qanday ishni imkon darajasida yaxshi bajarish lozim, aks holda, umuman kirishmagan maʼqul, degan aqidaga amal qiladi. Bu qoidani unga bolalikdan ota-onasi singdirgan. Harbiy xizmatdan soʻng A. Maqsudov Sverdlovsk yongʻin-texnika bilim yurtini tamomladi va Boʻz tumani yongʻin xavfsizligi boʻlimida inspektor lavozimida faoliyat yurita boshladi. Keyin Andijon viloyati IIB YOXBga surishtiruvchi inspektor etib tayinlandi. Ayni paytda IIV Toshkent oliy maktabining sirtqi boʻlimida tahsil oldi.

— Oʻtgan asrning 80 yillari boshida viloyatdagi shahar va qishloq doʻkonlarida yongʻin holatlari

koʻrsatkichi keskin ortdi. Oʻz-oʻzidan ayonki, sotuvchilar kamomadni yashirish uchun oʻz doʻkonlariga oʻt qoʻyishardi.

Qoʻrgʻontepa tumanidagi yongʻin sodir boʻlgan doʻkonlardan birini koʻzdan kechirish chogʻida fuqaro kiyimidagi bir yigit ishimizni diqqat bilan kuzatardi. Sal oʻtgach, yonimga kelib, oʻzini tanishtirdi:

— Ichki ishlar boshqarmasi tergov boʻlimining oʻta muhim ishlar boʻyicha katta tergovchisi, kapitan Qutbiddin Burxonov. Sizni kuzatib, oʻz ishining haqiqiy ustasi ekanligingizga amin boʻldim. Tergovchi boʻlishni istamaysizmi?

Kutilmagan bu taklifni rad eta olmadim. Koʻp oʻtmay Andijon shahar IIB tergov boʻlinmasiga tergovchi etib tayinlandim. Keyinchalik ushbu boʻlinmada katta tergovchi, boshliq oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritdim. Bir ozdan soʻng viloyat IIB tergov boʻlimida oʻta muhim ishlar boʻyicha katta tergovchi lavozimida xizmat qila boshladim.

90 yillar oxiri. «Qayta qurish» avjiga chiqqan davr. Viloyatda yomgʻirdan keyingi qoʻziqorin misoli uyushgan jinoiy guruhlar paydo boʻla boshladi. Ulardan biriga jinoyat olamida tanilgan Erkin Mamadaliyev boshchilik qilardi. Guruh tovlamachilik, odamlar hayotiga suiqasd, bosqinchilik bilan shugʻullanardi. Tezkor xodimlarning saʼy-harakati tufayli E. Mamadaliyev hamda guruhning 11 nafar aʼzosi qoʻlga olindi. Ushbu jinoyat ishi boʻyicha tergovni olib borish menga topshirildi. Tergov jarayonida toʻdaboshi oʻzini surbetlarcha tutardi. Goh ozodlikka chiqish uchun katta miqdorda pul taklif etar, goh tashqarida qolgan hamtovoqlari orqali hayotimga yakun yasashi mumkinligini aytib qoʻrqitardi. Tergov yarim yil davom etdi. Natijada E. Mamadaliyev boshchiligidagi guruhning barcha aʼzolari qilmishlariga yarasha jazo olishdi.

Keyinchalik Alijon Maqsudov viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, tergov boʻlimi boshligʻi, Qoʻrgʻontepa tumani IIB boshligʻi, Fargʻona viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari, tergov boʻlimi boshligʻi lavozimlarida xizmat qildi. Shu yillar davomida unga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist” unvoni berildi.

2006-yilda A. Maqsudov viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. Uch yildan soʻng pensiyaga chiqdi. Lekin uyda bekor oʻtira olmadi. Advokatlik faoliyati bilan shugʻullana boshladi.

— Xizmat yillari davomida oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashib, tergovchilik kasbining sir-asrorlarini oʻrgatgan, qiyin vaziyatlarda maslahat va yordamini ayamagan ustozlarim: general-mayor Qutbiddin Burxonov, polkovniklar Qodirjon Yarqulov, Usmonjon Sobirov,

Tojimamat Isayev, podpolkovnik Azimjon Maniyozovlarni hamisha minnatdorlik bilan yodga olaman, — deydi isteʼfodagi polkovnik A. Maqsudov. — Oʻzim ham koʻplab shogirdlar yetishtirdim. Hozirda ularning aksariyati xizmat faoliyatini davom ettirishmoqda.

Jamiyat oldidagi masʼuliyatni anglash, xizmat mashaqqatlarini sabr bilan yengib oʻtish qobiliyati oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Ushbu xislatlarni har bir xodim oʻzida doimiy ravishda shakllantirib borishi lozim. Alijon Maqsudov ana shunday darajaga erishgan kam sonli xodimlardan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Boris KLEYMAN, "Postda" gazetasi

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага