14 Sentabr 2021 1019

«Feyk» veb-saytga kirib, internet-firibgarlarining tuzog'iga tushmang!

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar jamiyatning barcha qatlamiga juda tez suratlarda kirib borayotgan bir vaqtda Internet jahon axborot tarmog'ida firibgarlar tomonidan fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pul mablag'larini noqonuniy ravishda talon-taroj qilish holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o'tkazilgan internet monitoringi davomida, internet-firibgarlari tomonidan o'zlarining jinoiy maqsadlarini amalga oshirishlari uchun «Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi» (UZKARD)ning soxta veb-sayti (havolasi: https://uz-investt.space) faoliyat ko'rsatayotganligi aniqlandi.

Mazkur «feyk» veb-sayt orqali “UzCard Investment” loyihasi doirasida milliy bank xizmatlarining faol foydalanuvchilariga bir martalik 994 ming 558 so'm miqdorida kompensatsiya to'lanishi, buning uchun foydalanuvchilarning shaxsiga oid va bank plastik kartasi ma'lumotlari, telefon raqamini hamda sms tariqasida kelgan tasdiqlash kodini kiritishlari talab etiladi.

Natijada, katta mablag'ga ega bo'lish istagida bo'lgan foydalanuvchi tasdiqlash kodini «feyk» resursga kiritishi bilan internet-firibgar tomonidan bank plastik kartasini boshqarish huquqini qo'lga kiritilishiga va undagi mablag'larni noqonuniy ravishda egallanishiga shart-sharoit yaratadi.

Shu sababli, barcha internet foydalanuvchilarini, ayniqsa UZKARD to'lov tizimi mijozlarini mazkur «feyk» veb-saytning noqonuniy faoliyati to'g'risida ogoh bo'lishlarini, to'lov tizimlaridan foydalanayotganlarida esa, ularning rasmiy veb-saytlarida taqdim etilgan xizmatlarga murojaat etishlarini so'rab qolamiz.

Ogoh bo'ling! Internet-firibgarlari tomonidan yaratilgan soxta veb-saytlarga kirib, ularning oson daromad topish to'g'risidagi aldovlariga ishonib qolmang!

IIV Kiberxavfsizlik markazi

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага