24 Iyul 2022 2531

Feysbukda tarqalgan onlayn kazino reklamasiga aldanib qolmang!

Internet monitoringi davomida, joriy yilning 13-iyulida “Facebook” ijtimoiy tarmogʻida “Biznes Uzbeki” nomli guruhda “отправлю любому эту сумму на пластик. Зачисление на счёт 31.000.000 сум” mazmunida xabar joylashtirilganligi aniqlandi.

Ushbu xabarga 23 ta “layk” va 1 ta izoh qoldirilgan, sahifa yaratuvchisi va foydalanuvchisini aniqlashning texnik imkoniyati mavjud emas.

Oʻrganish davomida, mazkur xabar ostida “Присоединяйтесь!” nomi bilan mavjud boʻlgan “Telegram” messenjeridagi "3аработок в Узбекистане 🇺🇿" kanaliga oʻtildi.

Ushbu kanal 10.03.2022-yilda yaratilgan, 3 847 nafar obunachisi bor, kanalda 524 ta fotosurat, 57 ta vidolavha, 150 ta veb-manzil, 40 ta audio-xabar mavjud, faqat admin (egasi) ruxsati bilan kirish mumkin.

"Telegram” messenjeridagi “3аработок в Узбекистане 🇺🇿" kanalida 70 ga yaqin video va audio fayllar oʻrganib chiqilganida, xorijiy davlatlar fuqarolarining Parimatch (Париматч) nomli totalizator oʻyinini oʻynab, katta miqdorda pul yutib olganligi toʻgʻrisida, rus tilida soʻzlagan intervyulari joylashtirilganligi maʼlum boʻldi.

Maʼlumot uchun: “Пари-Матч” bukmekerlik kompaniyasi 2018-yilda Rossiya Federatsiyasida roʻyxatdan oʻtgan, 2022-yil mart oyidan uning nomi “Paribet” deb oʻzgartirilgan, uning bir qancha soxta sahifalari mavjud boʻlib, ular orqali aldov yoʻllari bilan fuqarolarning mablagʻlari qoʻlga kiritilmoqda.

Shuningdek “3аработок в Узбекистане 🇺🇿” nomli kanalda “Pari-Match” bukmekerlik kompaniyasining soxta sahifalariga yoʻnaltiruvchi havolalar joylashtirilgan boʻlib, foydalanuvchilar ularga kirgan vaqtida toʻgʻridan toʻgʻri roʻyxatdan oʻtish (hech bir tasdiqlash kodi soʻralmaydi) imkoniyati yaratiladi.

Foydalanuvchilarni totalizator oʻyinlariga yanada qiziqtirish maqsadida, ushbu soxta resurslar tomonidan 2 mln. soʻmdan 20 mln. soʻmgacha mablagʻlar oʻyin ishtirokchilariga “bonus” sifatida berilayotganligi koʻrsatiladi.

Mazkur totalizator oʻyinining soxta sahifasi orqali oʻyin oʻynash uchun foydalanuvchilar tomonidan oʻzbek soʻmida Uzkard va Xumo toʻlov tizimlari orqali har bir stavkaga eng kamida 50 ming soʻm pul mablagʻlarini toʻlash mumkin boʻladi. Oʻyin orqali ishtirokchilarga 20 mln. soʻmdan 40 mln. soʻmgacha boʻlgan mablagʻlarni osongina yutib olish toʻgʻrisida yolgʻon eʼlonlar joylashtirib boriladi.

Totalizator oʻyinidagi yutuqlar foydalanuvchining sahifasida onlayn shaklda koʻrinib turadi, biroq ularni bank kartasiga oʻtkazib olish soʻralganda, tizim tomonidan foydalanuvchi sahifasi avtomatik ravishda bloklanadi yoki unga yutuq sifatida koʻrsatilgan pullarni olish imkoniyati cheklab qoʻyiladi.

Oʻtkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, “Telegram” messenjeridagi “3аработок в Узбекистане 🇺🇿” kanali administratori sifatida fotosurati va ismi koʻrsatilgan shaxs 1994-yil Toshkent viloyatida tugʻilgan, Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi P.Ye. ekanligi, aslida esa uning ushbu noqonuniy kanalga aloqasi yoʻqligi, 2022-yil 11-maydan buyon Seul (J.Koreya) davlatida ekanligi, mazkur telegram kanali esa, Ukraina davlati hududidan turib boshqarilayotganligi aniqlandi.

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan oson pul topish bilan bogʻliq reklama va xabarlar firibgarlar tomonidan xorijiy davlatlardan turib tarqatilmoqda va bu orqali ishonuvchan fuqarolarni pul mablagʻlarini aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritishga urinmoqdalar.

Hurmatli fuqarolar oson boylik orttirish maqsadida, firibgarlarning tuzogʻiga tushmang, feysbuk yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan har qanday manfaat beruvchi xabarlardan ehtiyot boʻling, oʻzingizni asrang!

IIV Kiberxavfsizlik markazi

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага