26 Oktabr 2021 571

Fidoyilik, matonat va sadoqat bilan

Respublikamiz mustaqillikka erishgan kundan buyon o'tgan o'ttiz yil ichida ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv tizimi xodimlari yurtimizda istiqomat qiluvchi aholining tinch va osoyishta turmushini ta'minlashga munosib hissa qo'shdilar. Ular yangicha tahdidlarga, ayniqsa, transmilliy jinoyatchilikka qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bormoqdalar. Jinoyatchilikning barcha turlariga nisbatan samarali kurashish mexanizmi yaratilib, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi.

Jumladan, shaxsga, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan og'ir va o'ta og'ir turdagi jinoyatlar, shuningdek, o'zgalar mulkini talon-toroj qilish va umuman, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar sonini kamaytirishga muvaffaq bo'lindi. Shu bilan bir qatorda so'nggi yillarda jinoyatlarning ochilish ko'rsatkichlari sezilarli ravishda oshdi. Bunda «issiq izida» ochilgan jinoyatlar salmoqli ulushni tashkil qiladi. Bedarak yo'qolgan fuqarolarni qidirish, noma'lum murdalarning shaxsini aniqlashga yo'naltirilgan qidiruv bo'linmalarining xizmat ko'rsatkichlari ham yaxshilandi.

Bundan tashqari, tezkor-qidiruv bo'linmalari tomonidan sud va tergovdan yashiringan shaxslarning qidiruvini tashkil etish hamda jinoyat sodir etishda qatnashgan barcha shaxslarni qo'lga olish borasida tegishli choralar ko'rildi. Shu bilan bir qatorda, tayyorlanayotgan jinoyatlarning oldini olish, latent (yashirin) jinoyatlarni aniqlash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirildi.

Jinoyat qidiruv bo'linmalari faoliyatida samaradorlikka erishish shartlaridan biri xodimlarning kasbiy ko'nikmasini doimiy ravishda takomillashtirish, qidiruv mahoratini, axloqiy-psixologik, jismoniy tayyorgarlik va bilim darajasini muntazam oshirib borishdir. Ayniqsa, butun dunyoda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va davlat faoliyatining barcha sohalarida globallashuv jarayonlari kechayotgan, innovatsion taraqqiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari misli ko'rilmagan darajada kengayib borayotgan va ishlab chiqarish kuchlari jadal taraqqiy etayotgan hozirgi sharoitda bu talablar g'oyat dolzarb. Shu bois bugungi kunda jinoyatchilikka qarshi kurashning oldingi saflarida bo'ladigan jinoyat qidiruv bo'linmalari shaxsiy tarkibi zamonaviy ilmiy-texnik bilimlarni puxta egallashi, yot g'oya va mafkuralarga qarshi tura olishi, inson huquqlariga doir xalqaro huquq, milliy qonunchilik talablarini yaxshi bilishi va ularga qat'iy amal qilishi zarur.

O'tgan o'ttiz yil davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, shuningdek, qo'shni davlatlardan O'zbekiston hududi orqali G'arb mamlakatlariga narkotik vositalar trafigi kanallarini aniqlash, zahri qotil kontrabandasi bilan shug'ullanuvchi shaxslarni fosh qilish hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga chek qo'yish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishildi. Bularning barchasi xalqaro tajribalarni hisobga olib, puxta ishlab chiqilgan strategiya va taktika natijasidir. Bunda ikki muhim jihat - hududiy profilaktik choralar va boshqa davlatlar bilan o'zaro hamkorlikka katta e'tibor berildi.

O'zbekiston 1995 yilda BMTning «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to'g'risida»gi va «Psixotrop moddalar to'g'risida»gi konventsiyalariga qo'shilgan, «Narkotik vositalar to'g'risida»gi Yagona konventsiyani ratifikatsiya qilgan. Bu borada mamlakatimizda maqsadli dastur amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturda IIV xodimlari, jumladan, jinoyat qidiruv sohasi vakillari zimmasiga ham mas'uliyatli vazifalar yuklangan. Bundan tashqari, jinoyat qidiruv bo'linmalarining xodimlari narkotiklarga qarshi kurashishga mo'ljallangan bir qator xalqaro dastur va loyihalarning doimiy ishtirokchilaridir. Buning yana bir sababi shundaki, aynan narkobiznes turli terrorchi, ekstremistik guruh va oqimlarning asosiy moliyaviy daromad manbai hisoblanadi.

1999 yil 16 fevral` voqealaridan keyin tezkor xodimlar tomonidan islom dini teologiyasini chuqur o'rganish zaruriyati yuzaga keldi. Buning uchun islomshunos mutaxassislar jalb etildi. Terrorizm va dinni niqob qilgan ekstremizm ko'rinishlariga qarshi kurashish bo'linmalarining xodimlari muqaddas Qur'on suralari va oyatlari hamda terrorchilik tashkilotlarining nashrlari mazmun-mohiyatini o'rgandilar, Toshkent islom institutida zarur bilimlar oldilar. Terrorizm, ekstremizm va g'ayrikonstitutsiyaviy harakatlarga qarshi kurashish, axborot tahlil bo'limlari tuzildi. Bundan tashqari, respublika IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasining bir qator xodimlari AQSh Adliya vazirligi akademiyasi va Turkiya Xalqaro politsiya akademiyasi kurslarida malaka oshirib qaytdilar.

Tegishli bo'linmalar tomonidan ko'rilgan chora-tadbirlar, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar bilan hamkorlik natijasida respublika hududida bir qator ekstremistik tashkilotlar faoliyati fosh etildi.

Iqtisodiyotning globallashuvi, ishlab chiqarish kuchlari miqdorining oshib borishi mehnat migratsiyasini keltirib chiqardi. Mehnat migratsiyasi o'zining ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, afsuski, salbiy jihatlariga ham ega. Bu odamlarni yollash, ulardan foydalanish, odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlardir.

O'zbekiston Respublikasi IIV rahbariyati 2004 yilda bundan tashvishga tushib, ushbu muammoning jiddiyligini hisobga olgan holda, JQ va TQKBB tarkibida odamlarni yollash va ulardan foydalanishga qarshi kurash bo'yicha ixtisoslashgan bo'lim tashkil etish to'g'risida qaror qabul qildi. 2008 yilga kelib esa, O'zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan jinoyat qonunchiligiga o'zgartirish kiritildi. Unga ko'ra, odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Shu munosabat bilan yuqoridagi bo'lim odam savdosiga qarshi kurash bo'limiga aylantirildi.

Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha xorijiy mamlakatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining ilg'or tajriba va amaliyotini o'rganish maqsadida soha xodimlari Moldova, Frantsiya, Italiya, Hindiston, Avstriya kabi mamlakatlarda xizmat safarlarida bo'ldilar. Ular 65 dan ortiq seminar va konferentsiyalarda ishtirok etdilar.

Hozirgi kunda ham odam savdosida ishtirok etgan shaxslar va ularning jinoiy faoliyati qurbonlarini aniqlash borasida keng miqyosdagi ishlar olib borilmoqda. Shubhasiz, odam savdosi murakkab hodisa hisoblanib, ko'pgina ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan chambarchas bog'liq. U transmilliy xususiyatga ega. Ushbu jinoyatga qarshi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyat kurash olib borishi lozim. Ushbu illat global xavfsizlik, barqarorlik, huquq-tartibot, millatning sog'lig'i va umuman, jahon hamjamiyatiga tahdid qiladi. Shu bois butun jamiyat, barcha mamlakatlar kuch-g'ayratlarini birlashtirishlari, hamkorlik harakatlarining strategiya va taktikasini ishlab chiqishlari zarur.

IIV T va EQKBB tezkor xodimlarining kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish va malakasini oshirish uchun barcha choralar ko'rilyapti. Shu maqsadda ta'lim jarayoniga IIV, IIBB, IIB tezkor apparatlarining rahbarlari jalb etildi. Bunda tezkor xodimlarga tezkor faoliyatning ilg'or shakl va usullari hamda xorijiy tajribadan ta'lim berishga alohida e'tibor qaratildi.

Shu kunga qadar Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasining ichki ishlar organlarini jinoyat qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalari, jazoni ijro etish muassasalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va boshqa tezkor faoliyat bilan shug'ullanuvchi bo'linmalar bilan o'zaro hamkorligi ta'minlanib kelinmoqda. Soha xodimlari jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi ma'lumotlar almashinuvi, ularni o'z vaqtida ijro etilishi, tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishda faollik ko'rsatishyapti.

Shuningdek, boshqarmaning Kiberxavfsizlik markazi va uning quyi bo'linmalari xodimlari bugungi kunda barcha jabhalarda texnologiyalarning rivojlanishini hisobga olib, aynan jinoyatchilikning zamonaviy ko'rinishlari, xususan, axborot texnologiyalari, internet bilan bog'liq bo'lgan jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, fosh etishga o'zining munosib hissasini qo'shmoqda. Ularning bilim saviyasi va amaliy tajribasini yuksaltirish uchun kiberjinoyatchilik va axborot texnologiyalari sohasida ilg'or tajribaga ega xorijiy davlatlar bilan hamkorlik o'rnatilib, tajriba almashilishi ham tashkil etilmoqda.

Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib xulosa qiladigan bo'lsak, yangi O'zbekiston sharoitida IIV tezkor-qidiruv xizmati faoliyati tubdan takomillashdi. Uning saflari iqtidorli yosh mutaxassis-kadrlar bilan mustahkamlandi. Ular mustaqil O'zbekistonda qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlash yo'lida fidoyilik, matonat va sadoqat bilan xizmat qilmoqdalar.

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага