Firibgarga jinoyat ishi qo'zg'atildi
Firibgarlar foydalanadigan usul va vositalar turlicha. Kimdir katta foydani va'da qilsa, boshqasi bitta uyni besh-olti kishiga sotadi, ayrimlar avtomashina bilan bog'liq qallobliklarning ustasi sanaladi, yana kimdir... Demoqchi bo'lganimiz firibgarlarda ham qaysidir ma'noda “ixtisoslashuv” bor.
Jizzax shahri Ittifoq mahallasida yashovchi 18 yoshli M.A. uyali aloqa vositasini “1 minutga” telefon qilish uchun olib, qaytarib bermaslikning uddasidan chiqadiganlardan. U mazkur yo'l bilan Jizzax shahri Xayrobod mahallasida yashovchi Sh.M.ga tegishli uyali aloqa vositasini olib ketdi. Ayni uslubda viloyatning Forish tumani Garasha qishlog'ida yashovchi S.S.ning uyali aloqa vositasiga ham ega chiqqan.
Jizzax shahrining Obod mahallasida yashovchi Sh.Yu. esa Zilol mahallasida yashovchi I.X.ga tegishli Sharof Rashidov tumani Toqchilik mahallasida joylashgan 120 million so'mlik namunali loyiha asosida qurilgan uyni sotib yubordi. Firibgar ayol uy uchun Sharof Rashidov tumanining Toshkentlik mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi F.J. 90 million so'm olgan.
Jizzax viloyati Do'stlik tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi N.K. ham firibgardan aziyat chekkanlardan biri. Ma'lum bo'lishicha, 2018 yilning sentyabr` oyida tumanning G'afur G'ulom mahallasida yashovchi U.X. Jizzax davlat pedagogika institutiga kiritib qo'yishni va'da qilib, N.K.dan 1 ming 700 AQSh dollari olgan. Xullas, jabrlanuvchi talaba bo'lishni 2 yil kutdi.
Yuqoridagi holatlarning barchasi yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati