19 Yanvar 2023 213

Fuqarolarimizning og‘irini yengil qilish, issiqlik tizimi izdan chiqqan xonadonlarga harorat olib kirish maqsadida IIV tomonidan ham dolzarb tadbirlar olib borilmoqda

Bugun ham Ichki ishlar vazirligi sektori hisoblangan poytaxtimizning Chilonzor tumanida vazirlik tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Erta tongdan turli tuzilmalarda xizmat o‘tayotgan yuzlab xodimlar tumanning “Yakkatut” mahallasida saf tortishdi. Maqsad esa bitta- xalqimiz og‘irini yengil qilib, odamlarga imkoniyat darajasida yordam qo‘lini cho‘zish.

Maxsus avtomashinalar yordamida piyodalar va transportlar harakatiga noqulaylik tug‘dirayotgan ichki ko‘chalarga tuz sepildi. Bunda ayniqsa yosh bolalarning xavfsizligini ko‘zlab maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga eltuvchi ko‘chalar diqqat markazida bo‘ldi.

Ko‘p qavatli binolarning quyosh nuri kam tushadigan qismlarini muzlamalardan tozalab, yurish uchun qulaylik yaratgan xodimlarni ko‘rgan mahalla odamlari xursand bo‘lishdi.

400ga yaqin odamga mo‘ljallab tayyorlangan osh tushlik vaqtida hasharga kelganlaru, mahalla ahliga huzur bag‘ishladi. Qo‘li shirin oshpaz uylaridan idish ko‘tarib kelganlarga palovxon to‘rani tarqatdi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi ansambli xonandalari taqdim etgan musiqiy dastur tadbirni bayramga aylantirdi, deyish mumkin. Doshqozon yoniga kelish imkoniyati bo‘lmagan insonlarning xonadoniga esa mahalla raisi boshchiligida birma bir tashrif buyurildi.

Ilohim, tarixan anomal sovuq uyoqda tursin, manaman degan qiyinchiliklarni yengib o‘tgan tanti xalqimiz tez kunlarda bu kunlardan ham o‘tib, baxtiyor onlarga yetsin. Buning uchun xalqimizning mard o‘g‘lonlari, xalqning ichki ishlar xodimlari doimo xizmatga shay!

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага