Goʻshtni tashish qoidasiga rioya qilinmagan
“Sangzor-15” yoʻl patrul xizmati maskanida Zomin yoʻnalishi boʻyicha harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtoulov Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi karantin tadbirlarini taʼminlash boʻlinmasi xodimlari tomonidan toʻxtatildi. Tekshiruv chogʻida avtomashina yukxonasida 165 kilogramm goʻsht mahsuloti borligi aniqlandi.
Haydovchi ushbu goʻsht mahsulotlariga oid hujjatlarni taqdim eta olmaganligi bois hujjatlashtirildi. Maʼlum boʻlishicha, mahsulotlar Dashtobod shahar markaziy dehqon bozorida sotish olib ketilayotgan edi.
Xuddi shunday, Jizzax shahrining Olmazor mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro “Matiz” rusumli avtoulovida 184 kilogramm goʻsht mahsuloti veterinariya-sanitariya qoidalariga zid ravishda olib ketayotganda toʻxtatildi.
Goʻsht mahsulotlari vaqtincha saqlash uchun muzxonaga joylashtirilgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati