Halollikni shior bilgan xodim
2022-yil 10-iyun kuni Chiroqchi tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektori katta leytenant Nurbek Oqnazarov xizmat hududi tumanning togʻli “Langar” MFYda xizmat olib borayotganda Samarqand viloyatiga tegishli “Niva” rusumli avtomashinaga duch keladi. Avtomashinani toʻxtatib, haydovchi bilan muloqotga kirishadi. Mehmon oʻzini B.P. deb tanishtirib, tegishli hujjatlari yoʻqligini bildiradi.
Avtomashinada esa ikki nafar voyaga yetmagan bolalar boʻlib, ular Chiroqchi tumani Xontepa qishlogʻida yashovchi R.M. va A.S. ekanligini, maqsad esa qishloq hududida oʻsadigan “Karrak” oʻsimligini yigʻish uchun bolalarni yollaganligini maʼlum qiladi.
Katta leytenant Nurbek Oqnazarov aniqlangan holatlar — avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarish va voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari boʻyicha hujjatlar rasmiylashtiradi.
Ish bunday chappasiga ketishini kutmagan mehmon Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi fuqaro B.P. profilaktika inspektoriga ishni oʻz foydasiga hal etish evaziga pora taklif qiladi. Katta leytenant Nurbek Oqnazarov unga bu ishi jinoyat ekanligini, agar niyatidan qaytmasa qonuniy chora koʻrilishi haqida ogohlantirsa-da, fuqaro unmaydi.
Natijada profilaktika inspektori Nurbek Oqnazarov bu haqda Chiroqchi tuman IIB boshligʻi nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.
Yaqinda holat yuzasidan viloyat IIB, Chiroqchi tuman IIB va prokuraturasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B. P. profilaktika inspektori N.Oqnazarovning xizmat xonasida 5.500.000 soʻm miqdordagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro B.P.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Oʻz xizmat vazifasiga vijdonan va sidqidildan yondashib, korrupsion holatni oldini olgani va fuqarolarda ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlagani uchun katta leytenant Nurbek Oqnazarov boshqarma rahbariyati tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati