9 Dekabr 2022 529

Hamkorlikda oʻquv kursi tashkil etildi

Shu yilning 21-noyabr va 9-dekabr kunlari oraligʻida Jizzax viloyatining Forish tumanidagi harbiy togʻ-dala poligonida IIV maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batalyon va otryadlari xodimlarining 3 haftalik oʻquv kurslari oʻtkazildi. Turkiya Jandarmeriyasi maxsus jamoat xavfsizligi bosh qoʻmondonligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur mashgʻulotlarda soha xodimlarining shahar sharoitida qurollangan jinoyatchilarni zararsizlantirishga qaratilgan operatsiyalarni tashkil etish va oʻtkazishga doir koʻnikma va malakalari oshirildi.

Mashgʻulotlarning birinchi haftasida soha vakillariga nazariy bilimlar berildi. Jumladan, favqulodda holatlarda koʻchalar, avtotransportlar, vokzal, aeroport hamda koʻp qavatli uylarda qurollangan jinoyatchilarni qoʻlga olish boʻyicha Turkiya maxsus kuchlari tomonidan qoʻllaniladigan uslublar haqida maʼlumot berildi. Xususan, terrorchilar joylashgan koʻp qavatli uylarni ishgʻol etish va xavfni bartaraf etish, garovdagilarni qutqarish, shahar sharoitida yashiringan jinoyatchilarni qidirib topish va zararsizlantirish, qurol va vositalarni samarali qoʻllash, maxsus amaliyotlarni boshqarish hamda kuch ishlatar tizimlar hamkorligini taʼminlash kabi masalalar eʼtiborda boʻldi.

Oʻquv kursining 2-haftasida nazariy mashgʻulotlarda egallangan bilimlar amaliyotda qoʻllanildi. Yaʼni ichki ishlar organlarining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batalyon va otryadlari xodimlari harbiy togʻ-dala poligonidagi toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish va inshootlarni ishgʻol etishga oid salohiyatlarini oshirdilar. 3-haftada esa avtomatik qurol, merganlik miltigʻi hamda toʻpponchadan yaqin va oʻrta masofalardagi nishonlarga oʻq otish mashqlari oʻtkazildi. Harbiy poligonda yaratilgan imkoniyatlar amaliy mashgʻulotlarni voqelikka mos tarzda tashkil etish imkonini berdi.

Oʻquv kursi yakunida oʻtkazilgan tantanali tadbirda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Yahyoxon Abdulhakov hamda Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov soʻzga chiqib, mashgʻulotlarda faollik koʻrsatganligi uchun tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batalyon va otryadlar xodimlari hamda oʻquv kursini tashkil etishda jonbozlik qilgan xorijlik mutaxassislarga minnatdorchilik bildirdi. Oʻz navbatida ishtirokchilarga sertifikatlar, tashkilotchilarga esa tashakkurnomalar topshirildi.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага