28 Iyul 2022 2367

Huquqni muhofaza qilish yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda

Bugun mamlakatimizga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonovning taklifiga binoan, o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, tizimlarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish maqsadida Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu (Süleyman Soylu) boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida ikki davlat huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida tomonlar uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu sohada hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Shu bilan birga ikki davlatning sohaviy taʼlim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va xodimlarning malakasini oshirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar belgilandi. Bu o‘rinda, O‘zbekiston ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, xususan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda kriminalistikaga oid mutaxassislarni tayyorlashda turk tajribasining yutuqlaridan foydalanish maqsadga muvofiqligi taʼkidlab o‘tildi.

Tadbir jarayonida, vazirliklar o‘rtasida xalqaro shartnoma va hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar, jumladan imzolangan ikki tomonlama bitimlarning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat protseduralarini tezlashtirish masalasi ham ko‘tarildi.

Tashrif jarayonida turk delegatsiyasi tomonidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda IIV Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi Situatsion markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.

Shuningdek, turk hamkorlar Xorazm viloyatiga tashriflarini davom ettirib, u yerda tarixiy obyektlarda xavfsiz turizmni taʼminlash, bu borada o‘zbek hamkorlarining faoliyati va turk tajribasi bo‘yicha fikr almashishini maqsad qilganlar.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага