19 May 2022 777

Ichki ishlar organlari tizimida professional kadrlar tayyorlanmoqda

Maʼlumki, jamoat xavfsizligini taʼminlash masalasiga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda, eng chekka qishloqni ham jinoyatdan holi hududga aylantirish, aholiga yuqori professional xizmat ko‘rsatish uchun har bir mahallada izchil islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2021 yil 30 noyabr kunidagi 223-sonli “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yo‘nalishdagi bilimlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, profilaktika inspektorlarini tayyorlashda bir qator imtiyozlar ajratilgan bo‘lib, joriy yilda 100 nafar, keyingi yildan boshlab har yili 200 nafar profilaktika inspektori uchun fuqarolik oliygohlarida sirtqi shaklda yuridik taʼlimni olish imkoniyati yaratish belgilangan edi.

Qarorga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika inspektorlari Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish imtihonlarisiz sirtqi taʼlim shakliga o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Joriy 2022 yil 1 maygacha 100 nafar profilaktika katta inspektorlariga tavsiyanoma berilishi nazarda tutilgan.

Bunda profilaktika inspektorlariga o‘qishga tavsiyanomalar berish uchun maxsus komissiya tashkil etilib, nomzodlar test imtihonlaridan o‘tkazildi. Respublika bo‘yicha 432 nafar profilaktika inspektorlari orasida tanlov o‘tkazilib, xizmat faoliyati davomida ijobiy tavsiflangan xodimlardan umumiy bilim darajasi va huquq nazariyasi asoslari bo‘yicha test qabul qilindi.

Respublika ishchi guruhi masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan bugungi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovlar tomonidan ushbu test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Xorazm va Navoiy viloyatlarining jami 25 nafar profilaktika inspektoriga oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan profilaktika inspektorlari OTMning sirtqi taʼlim shakliga to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari o‘qishga qabul qilinishi nazarda tutilgan bo‘lib, bunda kontrakt mablag‘lari Ichki ishlar vazirligi byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi. Shu bilan birga, OTMda o‘qigan bitiruvchilarga ichki ishlar organlarida kamida 5 yil xizmat o‘tab berish majburiyati yuklatiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan profilaktika inspektorlarining xizmat olib borish, taʼlim olish va yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha yaratib berayotgan imtiyozlariga javoban har bir xodimdan vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilib, ularning roziligini olish yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, bilimlarini ishga solish kerakligi masʼullar tomonidan taʼkidlab o‘tildi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага