Aholi muammolariga eʼtibor qaratish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan Davlat rahbarining topshirigʻiga binoan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruhning Surxondaryo viloyatida oʻrganish ishlari davom etmoqda
Tadbir jarayonida Surxondaryo viloyatida aholining muammolari va murojaatlarining yechimi, mahallalar gaz, elektr energiyasi, koʻmir va ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligiga eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, ishchi guruh tomonidan Shoʻrchi, Boysun, Denov, Oltinsoy, Bandixon, Qumqoʻrgʻon tumanlarida sayyor qabullar, huquqiy targʻibot tadbirlari, sayyor notarial va davlat xizmatlari koʻrsatildi, Denov, Qiziriq va Sariosiyo tumanlarida aholiga suyultirilgan gaz balonlari tarqatildi, Qiziriq, Sariosiyo, Denov, Muzrabot, Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻon tumanlarida jinoyatlar muhokamasi va yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi hamda Boysun, Angor va Sherobod tumanlarining jamoat xavfsizligi subyektlariga jamoat xavfsizligi konsepsiyasining mazmun-mohiyati tushuntirib berildi.
Oʻrganishlar davomida viloyatning olis hududlarida 19 ta arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etilib, aholiga 73 tonnadan ziyod kundalik ehtiyoj mahsulotlar sotilishi taʼminlandi, oʻzining tomorqasida yetishtirgan mahsulotini toʻgʻridan-toʻgʻri sotish istagida boʻlgan 893 ta tomorqa yer egalari tomonidan mahalliy 38 ta oziq-ovqat savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, supermarket va ishlab chiqarish korxonalarning oshxonalariga biriktirildi.
Oʻtkazilgan sayyor qabullar jarayonida fuqarolarning 29 ta uzoq vaqtdan beri yechilmayotgan muammolari hal etildi, 23 tasiga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi va 6 ta murakkab masala tuman adliya boʻlimlari tomonidan ish yurituviga olindi. 146 ta mahallalarda tadbirkorlikni amalga oshirish istagida boʻlgan jami 2633 nafar fuqarolarga qonunchilik hujjatlarining mazmun mohiyati tushuntirildi, shuningdek 15 ta tadbirkorlik subyektlarining faoliyati qayta tiklandi.
Aholi bandligi taʼminlash ishlarini jadallashtirish natijasida 69 nafar fuqaro doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, 91 nafari kasbga oʻqitishga yuborildi, 114 nafar fuqarolar oʻzini-oʻzi band qilish orqali doimiy daromad bilan taʼminlandi.
Shuningdek ishchi guruh tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlikning hamkorlik masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, ishchi guruh tomonidan Boysun, Muzrabot, Jarqoʻrgʻon, Angor tumani ichki ishlar idoralari, huquq-tartibot maskanlari, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish punktlarining faoliyati va jinoyatlarni «mahallabay» jilovlash amaliyoti oʻrganildi. Jarayonda aholi murojaatlaridan kelib chiqib, 26 nafar aliment toʻlovchi qarzdorlar ishga joylashtirildi, 662 mln soʻmlik aliment puli undirildi, aliment qarzini toʻlashdan boʻyin tovlagan 10 nafar qarzdorlarga maʼmuriy choralar koʻrildi.
Aniqlangan 285 ta nizoli oilalarga ijtimoiy koʻmak koʻrsatilib, jami 105 tasida maishiy muammolari bartaraf etildi, notinch boʻlgan oilalar bilan profilaktik tushuntirishlar olib borilib, 26 nafar ayollarga «himoya order»lari rasmiylashtirildi.
Olib borilgan targʻibot ishlari natijasida 10 ta ijtimoiy soha obyektlari va 20 ta fuqaro xonadonlari qoʻriqlovga olindi.
Idoralararo ishchi guruhining Surxondaryo viloyatidagi faoliyati yuzasidan kundalik axborot berib boriladi.
IIV Axborot xizmati