Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi respublika ishchi guruh hududlarda aholi muammolarini aniqlash va hal etish maqsadida Fargʻona viloyatida oʻrganish ishlarini olib bormoqda
Ishchi guruh aʼzolari tomonidan respublika jamoat xavfsizligi konsepsiyasi bilan belgilangan vazifalar doirasida yoʻllarda inson xavfsizligi uchun munosib sharoitlarni yaratish, infratuzilmasini takomillashtirish, qoidabuzarliklarni qayd etishning zamonaviy raqamli texnologiyalarini yanada kengroq joriy etishga qaratildi.
Xususan, viloyatning Oltiariq tumani Qiziltepa mahallasi hududini kesib oʻtuvchi ichki transport yoʻlida yuqori tezlikda harakatlanuvchi transport vositalaridan norozi boʻlgan aholini murojaatlaridan kelib chiqib, mazkur hududda tuman hokimining qarori bilan tezlikni cheklovchi (60 kmgacha) yoʻl belgisi va nazorat qilish uchun koʻchma radar qurilmasi oʻrnatildi.
Uchkoʻprik, Bagʻdod, Buvayda hamda Rishton tumanlarida yoʻl qoidabuzarliklarini aniqlovchi qoʻshimcha 28 ta videokameralar oʻrnatish rejalashtirildi.
Mazkur toʻrtta hududda jami 15 km. yoʻl chiziqlari yangilanib, svetofor bilan tartibga solinuvchi qoʻshimcha 3 ta piyodalar oʻtish yoʻlakchalari tashkil etildi.
Profilaktika inspektorining mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan hamkorligini takomillashtirish boʻyicha, Uchkoʻprik tumanining Buyrak, Anhor boʻyi, Sarqoʻrgʻon mahallari, Oltiariq tumanining Joʻrak, Qiziltepa, Yangi arab va Eski arab mahallarida oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻtgan yilning hisobot davrida viloyat hududidagi 114 mahallada jinoyat sodir etilmaganini inobatga olgan holda, mazkur mahalla profilaktika inspektorlarining ijobiy tajribasini oʻrganish ishlari tashkil etildi.
Joylarda aholini qiynayotgan muammolar, uzoq vaqtdan beri yechimi hal etilmagan masalalarni aniqlash va hal etishga ham eʼtibor qaratilib, Oltiariq tumanining Qiziltepa, Yangi arab va Eski arab mahallarida aholining murojaatlari oʻrganildi.
Xususan, Qiziltepa mahallasidan tuman markaziga qatnovchi yoʻnalishli taksilarning narxi 5 ming soʻmga koʻtarilgani aholiga noqulaylik tugʻdirayotganligini inobatga olib, tuman hokimining qarori bilan zaxiradan kundalik qoʻshimcha 400 litr 80 markali benzin ajratilishi hisobiga yoʻl kira narxi 4 ming soʻmga tushirildi.
Yangi arab va Eski arab mahallalarida 16 ta xonadon koʻmir yoqilgʻisi tanqisligidan shikoyat qilganliklari uchun, tuman hokimiyati zaxirasidan har bir mahallaga 10 tonnadan koʻmir mahsuloti ajratildi va shundan 3,4 tonnasi joylarga yetkazib berildi.
Quva tumani Oʻraboshi mahallasida yashovchi 2 ming nafar aholini ichimlik suvi tanqisligi bilan bogʻliq muammolari oʻrganilib, mazkur hududga toza ichimlik suvi yetkazib berish maqsadida 6 km quvur yotqizilishi rejalashtirildi.
Oltiariq tumani ijtimoiy sektoridagi infratuzilmalar, bogʻcha, maktab, tibbiyot maskanlari, tuman markaziy dehqon bozorida savdogarlar va xaridorlar uchun yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar ham bevosita ishchi guruhi tomonidan joyida oʻrganildi. Mazkur jarayonda piyoz va boshqa sabzavot mahsulotlari narxining keskin oshib ketishining oldi olish maqsadida yaratilgan zaxira ham koʻzdan kechirildi.
Idoralararo ishchi guruhining joylardagi oʻrganishlari davom etmoqda.