2 Fevral 2023 681

Avval xabar berganimizdek Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh Fargʻona viloyatida Davlat rahbari topshiriqlarining amaliy ijrosini taʼminlash choralarini koʻrmoqda

Tadbir jarayonida asosiy eʼtibor aholining ijtimoiy-iqtisodiy, taʼlim, sogʻliqni saqlash, huquqni muhofaza qilish va kommunal sohadagi muammolarini aniqlash va bartaraf etish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish hamda yoʻllarda inson xavfsizligi uchun munosib sharoitlarni yaratish, yoʻllarning infratuzilmasini takomillashtirish masalalariga qaratilmoqda.

Xususan, ishchi guruh tashabbusi bilan viloyat hududida jami 11466 ta xonadonga suyultirilgan gaz balon va 232 tonna koʻmir yetkazilib, aholining gaz va koʻmir mahsulotiga boʻlgan ehtiyoji qisman qanoatlantirildi.

Isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligini taʼminlash, oziq-ovqat zaxiralarini yaratish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida viloyatda 173 ta arzonlashtirilgan yarmarka, shundan 2 tasi bozordan tashqarida, 152 tasi esa olis hududlarda tashkil etilib, ular jami 78 tonna kundalik ehtiyoj isteʼmol tovarlari bilan taʼminlandi.

Shuningdek, oʻz mahsulotini toʻgʻridan-toʻgʻri sotish istagida boʻlgan 238 ta tomorqa yer egalariga oʻz mahallalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish uchun savdo rastalari tashkil etishga koʻmaklashildi.

Ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlik, yoshlar va ayollarning tashabbuskor loyihalariga koʻmaklashish maqsadida viloyat hududida joylashgan barcha monomarkazlar, mehnat yarmarkalari, kovorking markazlari faoliyatining natijadorligi oʻrganilib, natijada 196 nafar fuqarolar doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, 155 nafari kasbga oʻqitishga yuborildi, 8 nafariga subsidiya ajratildi hamda 14 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, shuningdek 308 nafar fuqarolar oʻzini-oʻzi band qilish, 45 nafari yangi tashkil etilgan, 105 nafari faoliyati tiklangan tadbirkorlik subyektlarda, 27 nafari boʻsh turgan binolarni, 7 nafari koʻp qavatli uylarining yertoʻlalarni ijaraga berish orqali mehnatga jalb etildi.

Viloyat hududida harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻlovchi va haydovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida qoʻshimcha ravishda 3 ta svetofor va 123 ta yoʻl belgilari oʻrnatildi, 11 ta svetofor taʼmirlandi, 800 m piyodalar yoʻlagi va 65 km yoʻl yotiq chiziqlari yangilandi, noqulay hududlarda yoʻlni ajratuvchi 100 metrdan ziyod toʻsiqlar oʻrnatish kabi ishlar amalga oshirildi.

Shuningdek, mahallarda aholining murojaatlari bilan ishlash ahvoli va ularni qanoatlantirish darajasi tanqidiy oʻrganilib, bugungi kunda jami 62 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida 1069 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilishi tashkil etildi.

Ishchi guruh oʻz faoliyatini Fargʻona viloyatida davom ettirmoqda.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага