19 May 2023 1294

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov Fargʻona viloyati Fargʻona shahridagi Tadbirkorlar markazida Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlari aholisi uchun ommaviy sayyor qabuli oʻtkazdi

Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga asosan davlat organlarining rahbarlari tomonidan joylarda aholi murojaatlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash hamda xalq bilan ochiq muloqot davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ushbu vazifalarni amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 19-may kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov tomonidan soha masʼullari ishtirokida Fargʻona shahridagi Tadbirkorlar markazida Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlari aholisi uchun ommaviy sayyor qabuli oʻtkazildi.

Qabul davomida aholidan turli masalalarda 278 ta murojaatlar qabul qilingan boʻlib, ularning 153 tasi bevosita ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq, yaʼni 49 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qayta tiklash, 46 tasi surishtiruv va tergov harakatlari bilan bogʻliq muammolar, 10 tasi ichki ishlar organlariga ishga (oʻqishga) kirish, 33 tasi probatsiya hisobidagi shaxslarni jazo muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish hamda 15 tasi mahkumlarning boshqa jazoni ijro etish muassasasiga oʻtkazish masalalaridir.

Shuningdek, qabulda kelib tushgan murojaatlarning 104 tasida hududdagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolar hal etish soʻralgan. Tadbir jarayonida 21 nafar fuqarodan minnatdorlik mazmunidagi xatlar ham kelib tushgan.

Murojaatlarning 189 tasi (68 foizi) ijobiy hal etilib, chuqur oʻrganilishi talab etilayotgan 89 ta (32 foiz) murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.

Oʻtkazilgan sayyor qabul jarayonida, aholining murojaatlaridan kelib chiqqan holda, 33 nafar probatsiya hisobida turib tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarni muddatidan oldin shartli ravishda jazodan ozod qilish uchun oʻrnatilgan tartibda tegishli sudlarga taqdimnomalar kiritildi, 8 nafar surishtiruv yoki dastlabki tergov harakatlaridan norozi fuqarolarning murojaatlari qanoatlantirildi, 7 nafar sobiq xodimlar ichki ishlar organlariga qayta ishga tiklandi hamda ichki ishlar organlariga xizmatga kirish istagini bildirgan 10 nafar fuqarolar navbatdagi tanlovda ishtirok etishga ruxsat etildi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolarning muammolari ijobiy hal etilib, Fargʻona shahri, Toshloq, Rishton, Furqat, Quva, Oltiariq, Buvayda, Dangʻara, Beshariq va Fargʻona tumanlari aholisining 70 nafariga tikuv mashinalari topshirildi, Quva tumanida yashovchi oliy oʻquv yurtlarida oʻqib kontrakt pulini toʻlashga qiynalgan 6 nafar talabalarning bir nafariga 5 mln. va besh nafariga 3 mln. soʻmdan kontrakt pullari toʻlab berildi, 9 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning toʻrt nafariga 5 mln. soʻmdan va toʻrt nafariga 4 mln. soʻmdan hamda bir nafariga 3,5 mln. soʻm pul mablagʻlari ajratilishi taʼminlandi.

Oʻzini-oʻzi band qilishini taʼminlash maqsadida Yozyovon tumanida yashovchi Abduraxmonovga yuk tashuvchi motoroller, Toshloq tumanida yashovchi Baxromovga payvandlash apparati, Fargʻona va Margʻilon shaharlari, Toshloq va Fargʻona tumanlarida yashovchi 10 nafar fuqarolarning murojaati boʻyicha ularning 8 nafariga nogironlar aravachalari va 2 nafariga eshitish moslamalari topshirildi.

Davlat organlarining barcha darajadagi rahbarlari tomonidan aholi bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar boshqa viloyatlarda ham davom etadi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага