13 Oktabr 2021 326

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibining yoshlar bilan uchrashuvi

Muomala madaniyati – ichki ishlar organlari xodimi xizmat faoliyatining muhim mezonlaridan biri sanaladi. Global axborot makonidagi oʻzgarishlar sharoitida ushbu omil soha nufuzini yanada oshiradi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida oʻtkazilgan davra suhbati ana shu dolzarb mavzuga bagʻishlandi. Ixtisoslashgan kafedralar professor-oʻqituvchilari, kunduzgi taʼlim bakalavriatining 3-bosqich kursantlari ishtirok etgan tadbirda Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi – Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shohrux Giyasov maʼruza qildi.

Uning taʼkidlashicha, globallashuv davrining muhim talablaridan biri – bu axborot xurujlariga qarshi samarali kurashishdir. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati keng jamoatchilik eʼtibor-markazida boʻladi. Soha vakillarining xizmatda, hatto xizmatdan tashqari paytdagi xulq-atvori, xatti-harakati ham tizim nufuziga taʼsir koʻrsatadi.

– Soʻnggi paytlarda ommaviy axborot vositalari orqali ichki ishlar organlari xodimlari va fuqarolar oʻrtasidagi ziddiyatli holatlar aks etgan xabar yoxud videolavhalar keng tarqatilmoqda. Afsuski, bu chiqishlarning aksariyati hamkasblarimizning faoliyatiga salbiy baho berish, ichki ishlar organlari vakilining obroʻsini toʻkish va unga nisbatan jamiyatda ishonchsizlik muhitini shakllantirishga qaratilgan. Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun xodimlarda, eng avvalo, muloqot madaniyatini yuksak darajada shakllantirishimiz kerak, – dedi Sh.Giyasov.

Davra suhbatida soha xodimining kasbiy faoliyatidagi ustuvor vazifalar, fuqarolar va keng jamoatchilik bilan ishlash mezonlari, tizim faoliyatini samarali tashkil etishda odob-axloq normalariga rioya etish, ayniqsa fuqarolar bilan munosabatda shaxsiy namuna koʻrsatish borasida mulohazalar bildirildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага