29 Oktabr 2020 13120

Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma'lumoti

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli diniy adovatni qo'zg'atish va dindorlar orasida murosasizlikni keltirib chiqarishni targ'ib qiluvchi ma'lumotlar tarqalmoqda.

Xususan, joriy yilning  29 oktyabr` kuni ijtimoiy tarmoqlarda o'zini “ateist”, deb tanishtirib, u tomonidan dinimizning ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi - Qur'oni karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo'ldi.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida, mazkur shaxs Mingbuloq tumanidan bo'lgan Sherzod Turdiev emasligi aniqlandi.

O'tkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida, ushbu videotasvirni suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan shaxs aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlariga jalb qilindi.

Tekshiruv natijasiga ko'ra, mazkur shaxsga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo'zg'atish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.    

Jinoyat ishi bo'yicha tergov natijasiga ko'ra, qo'shimcha ma'lumot berib boriladi.

Shu o'rinda, fuqarolarimizdan yurtimizda diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik kabi azaliy an'analarimizga kundalik hayotimizda amal qilishlarini hamda muqaddas dinimizni oyoq-osti qilib, aholi orasida ixtiloflar keltirib chiqarishga bo'lgan urinishlar uchun qonunda javobgarlik belgilanganligini eslatib o'tamiz.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага