Ichkilikbozlikning fojiali yakuni
Yaqinda Marg‘ilon shahrining Pichoqchi mahallasida ichkilikbozlik oqibatida mudhish jinoyat yuz berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, shu mahalladagi Xiyobon ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yerto‘lasidan 1960 yilda tug‘ilgan fuqaro tanasida turli xildagi jarohat izlari bilan, jonsiz holatda topiladi.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatni Farg‘ona shahrida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro sodir etgani aniqlanib, ushlanadi.
Surishtiruvlardan ayon bo‘lishicha, gumondor va jabrlanuvchi avvaldan tanish bo‘lgan va jinoyat sodir etilgan joyda birga spirtli ichimlik ichishgan. Shundan so‘ng o‘zaro janjallashib, biri ikkinchisiga og‘ir jarohat yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Ushbu jinoyat mahallaning o‘zida viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i, tegishli mutasaddi rahbarlar va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Muhokama jarayonida jinoyatga ichkilikka ruju qo‘yish sabab bo‘lgani, mahallalarda jamoatchilik nazoratining sustligi qattiq tanqid ostiga olindi.
Muhokama jarayonida mahalla faollari, oqsoqollarning ham fikr mulohazalari, takliflari tinglandi.
Kelgusida og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldini olish, ijtimoiy kriminogen vaziyatni yaxshilash uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Fuqarolar ogohlikka chaqirildi.
Abduvosit SIDIQOV, “Postda” muxbiri.
Farg‘ona viloyati.