14 May 2022 3221

ID-karta – universal pasport: barcha maʼlumotlar bitta kartada

Bugungi kunda koʻp vazifali ID-kartalar dunyoning aksar mamlakatlarida qoʻllanib kelinmoqda. Xususan, 84 ta davlat elektron tashuvchi qurilma, yaʼni maxsus chipga ega. 105 ta davlat esa chipsiz identifikatsiya kartalaridan foydalanadi.

Xususan, bugungi kunda Sirdaryo viloyati IIB MvaFRB hamda uning joylardagi boʻlinmalari tomonidan ham fuqarolarga ushbu qulay hujjat, identifikatsiya ID-kartalari rasmiylashtirib berilmoqda.

Xoʻsh, ID-karta oʻzi nima? Hozirgi axborotlashuv asrida u bizga qanday qulayliklarni taqdim etadi? Bu hujjatni qoʻlga kiritish uchun qanday jarayonlarni bosib oʻtishimiz kerak?

ID karta – shaxsning biografik maʼlumotlari, raqamli fotosurati, barmoq izlari va elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini saqlovchi plastik karta koʻrinishidagi hujjatdir. Jahon tajribasida bu kartadan nafaqat shaxsni va fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnoma, balki bank plastik kartasi, haydovchilik guvohnomasi, ochiq kalit, elektron hamyon sifatida ham foydalaniladi.

Davlat rahbarining 2020-yil 22-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida 2021-yil 1-yanvardan boshlab, shaxsni raqamli identifikatsiya qilishning yagona tizimini joriy etish, yaʼni 2011-yilgi namunadagi biometrik pasport oʻrniga Oʻzbekiston fuqarosining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlaydigan elektron tashuvchi qurilmaga ega hujjat sifatida ID-kartalarni joriy etishga kirishildi.

ID-karta olish uchun fuqarolarimiz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham elektron ariza berishlari mumkin. Elektron tarzda murojaat etishning afzalligi shundaki, siz migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga kelib, almashtiriluvchi biometrik pasportingizni taqdim etgunga qadar boʻlgan jarayonlar, yaʼni biometrik pasportdagi, ota-ona toʻgʻrisidagi va ungacha toʻldirilishi talab qilinuvchi maʼlumotlarni onlayn tarzda joʻnatasiz. Keyin migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga kelish vaqtini oʻzingizga qulay kunga belgilashingiz mumkin.

Hujjatlar rasmiylashtirib boʻlingach, bazaviy hisoblash miqdorining 89% miqdorida, yaʼni hozirgi kun holatiga koʻra, 240 ming 300 soʻm miqdorida toʻlov undiriladi.

Avvallari biometrik pasportlar 10 ish kunida rasmiylashtirilar edi. Hozirgi kunda esa ID-kartalar Sirdaryo viloyati IIB MvaFRB hamda uning joylardagi boʻlinmalari tomonidan hujjatlar qabul qilib olingach bir ish kuni mobaynida taqdim etilmoqda.

Ushbu kartaning joriy etilishi aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish ishini sezilarli darajada osonlashtiradi va optimallashtiradi. Shuningdek, xavfsizlik tomoni ham yaxshi ishlangan: barcha maʼlumotlar shifrlangan boʻladi.

Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага