IIV Akademiyasida “Islohotlar davrida penitensiar tizimni innovatsion rivojlantirish masalalari” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
Konferensiya avvalida taʼlim muassasasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Ziyodullayev soʻz olib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtaldi.
Soʻzga chiqqanlar “Jazoni ijro etish tizimining innovatsion rivojlantirish – zamon talabi”, «Penitensiar tizimning profilaktik faoliyatida innovatsiyaning oʻrni», “Mahkumlarni afv etishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish”, “Jazoni ijro etish muassasalarida marketing va axborot texnologiyalarini joriy etish: natija va istiqbollar”, “Jazoni ijro etish joylarida mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash yuzasidan nazorat”, «Ichki ishlar organlari penitensiar tizimida innovatsiya texnologiyalarini qoʻllash masalalari» mavzularida maʼruza qilishdi.
Oʻtgan davr mobaynida penitensiar tizimni tubdan isloh qilish va xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi, – deydi Akademiyaning Jazoni ijro etish faoliyati kafedrasi boshligʻi, polkovnik Abdukarim Shodiyev. – Aytish joizki, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish sud-huquq tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Soha mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilayotgan ilmiy-amaliy anjuman ayni shu masalalarning yechimiga ham xizmat qiladi.
Mutasaddi organlar vakillari, soha mutaxassislari, taʼlim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot markazlari xodimlari ishtirok etgan anjumanda tizim faoliyati samaradorligiga qaratilgan fikr-mulohazalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati