IIV Akademiyasiga Belarus Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi
27-iyul kuni Belarus Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Dmitriy Korzyuk boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Yuqori martabali mehmonlarni akademiya boshligʻi, polkovnik Rustam Xatamov kutib oldi.
Taʼkidlash joizki, Belarus Respublikasi taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari ikki tomonlama kelishuv asosida jadal rivojlanib bormoqda. Soʻnggi bir yil ichida kiberjinoyatlarni fosh etish, tergov jarayonida axborot texnologiyalarini samarali qoʻllash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash va ommaviy tartibsizliklarni oldini olish kabi muhim yoʻnalishlarda master-klass mashgʻulotlari, professor-oʻqituvchilar va kursantlar uchun malaka oshirish kurslari tashkil qilindi.
Tomonlarning tor doiradagi uchrashuvida taʼlim sohasidagi hamkorlikning asosiy jihatlariga eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikramov ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar tobora yuksalib borayotganligini taʼkidlab, mehmonlarga IIV Akademiyasi yurtimizda ichki ishlar organlari uchun yetuk professional kadrlar tayyorlaydigan yagona oliy taʼlim muassasasi ekanligi, akademiyada taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi innovatsion yondashuvlar tatbiq etilganligi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
– Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarda oʻzaro ishonch va intilish muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Rustam Xatamov. – Qisqa fursatda hamkorligimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda aniq natijalarga erishdik. Oʻylaymanki, bu borada mavjud salohiyatlar hali toʻliq ishga solinmagan. Bugungi muloqotimiz yaqin istiqbolga moʻljallangan loyihalarni amalga oshirishga muhim omil boʻladi.
Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Dmitriy Korzyukning eʼtirof etishicha, hozirgi murakkab davrda ikki tomonlama hamkorlikni boyitish muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi akademiyasi taʼlim tizimida qoʻllanilayotgan yangi innovatsion yondashuvlar tizim uchun yetuk professional kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Bizning akademiyamizda ham ana shunday yangicha uslublarni joriy etish zarur, – dedi Dmitriy Korzyuk.
Muzokaralardan soʻng delegatsiya aʼzolari Akademiya boshligʻi Rustam Xatamov hamrohligida taʼlim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga taʼlim jarayoniga tatbiq etilgan yangiliklar, shaxsiy tarkib bilan olib borilayotgan jangovar-jismoniy hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Ayniqsa oʻquv tezkor-tergov guruhlari tashkil etilib, nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlanganligi, Akademiya yoshlarining sport sohasida qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuqlari mehmonlarda yuqori taassurot qoldirdi.
Shuningdek mehmonlar Axborot-resurs markazining zamonaviy imkoniyatlari, maskanda barpo etilgan “Turon qoploni – Jaloliddin Manguberdi” hamda “Buyuk sohibqiron Amir Temur” xonalari bilan tanishib, yosh avlod vakillarida milliy ruh tuygʻusini oshirish, ularni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Shuning bilan Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyaning IIV Akademiyasiga qilgan bir kunlik tashrifi nihoyasiga yetdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati