IIV Akademiyasiga Buyuk Britaniya delegatsiyasi tashrif buyurdi
22-may kuni Buyuk Britaniya Qirolligi Mudofaa tadqiqotlari harbiy kolleji kommendanti oʻrinbosari Stiven Dayton boshchiligidagi delegatsiya IIV Akademiyasiga keldi. Mehmonlarni Akademiya boshligʻi Rustam Xatamov kutib oldi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. Oʻzaro manfaatli aloqalarda harbiy sohada tajriba almashish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish kabi yoʻnalishlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mudofaa tadqiqotlari harbiy kolleji vakillarining mamlakatimizga tashrifi ham istiqbolli aloqalar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.
Xorijlik mehmonlar Akademiya faoliyati, ayniqsa taʼlim tizimiga tatbiq qilingan eng soʻnggi yangiliklar, kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari, mavjud salohiyat va strategik rivojlanish maqsadlari bilan yaqindan tanishdilar. Delegatsiya rahbari Stiven Dayton hozirgi globallashuv sharoitida ilgʻor tajribalarni ommalashtirish muhimligini taʼkidlab, taʼlimda erishilayotgan ijobiy natijalarga yuqori baho berdi.
Uchrashuv chogʻida tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlari orqali xodimlar malakasini oshirish, ilmiy-texnikaviy yoʻnalishda tajriba almashish, oʻquv muassasalari oʻrtasida faol muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati