IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshligʻi Toshkent viloyatida oʻrganish ishlarini olib bordi
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshligʻi polkovnik B.E.Berdialiyev va Toshkent viloyati IIBB boshligʻining oʻrinbosari-Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi polkovnik Z.G.Iminov, viloyat hamda Chinoz, Boʻstonliq, Yangiyoʻl, Ohangaron tumanlarida hokimlik masʼullari hamkorligida dehqon bozorlarida boʻlib, bozorlarda sotilayotgan aholi uchun zarur kundalik isteʼmol tovarlari narx-navolari bilan tanishib, aholini qiziqtirayotgan muammolar oʻrganildi.
Fuqarolarni qiziqtirgan savollariga javob berilib, ular tomonidan berilgan taklif va muammolarni oʻrganish, oʻz yechimini topishi uchun tegishliligi boʻyicha Toshkent viloyati IIBB va barcha mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlarida hamda shahar-tuman IIBlarda tashkil etilgan ishchi guruhga taqdim etilib, masʼullarga vazifalar yuklatildi va ijrosi nazoratga olindi, uyma-uy yurib, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar oʻrganildi.
Aniqlangan mavjud masalalarni qisqa muddatda hal etishi boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahar Yangiobod MFY hududida tashkil etilgan Huquq tartibot maskani faoliyati bilan tanishdi. Vazirlik hamda viloyat rahbariyati tomonidan mazkur Huquq tartibot maskanida xizmat olib borayotgan xodimlarga, hozirgi kundagi Respublikamizdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligi hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashda har bir xodimning masʼuliyati oshirilib, ularga aholi vakillari bilan muloqot davomida yashash sharoitlari, mahalla infratuzilmasi holatlari hamda qish mavsumini betalofat oʻtkazish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator topshiriq va vazifalar berildi.
Yangiyoʻl tumanidagi koʻp tarmoqli tuman Markaziy shifoxonasiga borib, bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazishda isitish tizimlarining mavsumga shayligini oʻrganildi.
Shu bilan birga, bolalar oʻrtasidagi bevaqt oʻlim holatlarini oldini olish maqsadida, shifoxona rahbariyatiga Hindistonda ishlab chiqilgan, sotilishi taqiqlangan dori vositalari roʻyxati keltirilgan tarqatma broshyuralar chiqartirilishi, hududdagi dorixonalar, mahalla idoralari, savdo shahobchalari hamda aholi koʻp toʻplanadigan joylarga yopishtirilib, fuqarolar bilan muntazam profilaktik tushuntirish ishlari olib borilishi boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berib oʻtildi.
Bundan tashqari, Boʻstonliq tumani Sijjak qishlogʻi Uzun, Nanay, Dadaboyev, Sarbogʻ, Pskom MFY aholisi bilan uchrashdi. Mazkur mahallalar tabiiy gaz bilan taʼminlanmaganligi bois, aholiga suyultirilgan gaz va koʻmir bilan taʼminlash choralari koʻrilib, masʼullar xonadonma-xonadon yurib, kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish, yashash uylarida is gazidan zaharlanish va boshqa noxush holatlar yuzasidan targʻibot ishlarini olib borishdi. Fuqarolar koʻtargan masalalarning aksariyati joyida bartaraf etilib, muddat talab etadiganlari boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi va ijrosi nazoratga olindi.
Ohangaron tumani Qoraxitoy mahallasidagi 41-sonli oilaviy poliklinikaga borib, aholiga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, tumanning Eyvalek mahallasidagi fuqarolar bilan uchrashib, masʼullar bilan uyma-uy yurgan holda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar oʻrganildi.
Koʻtarilgan masalalarning aksariyati joyida bartaraf etilib, muddat talab etadiganlari boʻyicha chora-tadbirlar belgilash uchun ishchi guruhga tegishliligi boʻyicha topshiriq berildi va ijrosi nazoratga olindi.
IIV JXD Axborot xizmati